«O‘zbektelekom» va umuman, soha mutasaddilarining O‘zbekistonda internet ravnaqi yo‘lidagi sa'y-harakatlari yaxshi qarshilanmadi. Va'daga muvofiq, internet tezligi 10 baravar tezlashishi xalq intiqib kutgan o‘zgarishlardan biri bo‘lishi lozim edi. Amalda nimalar yuz bermoqda?
30 noyabr kuni «O‘zekspomarkaz»da Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «O‘zbektelekom» AK tomonidan tashkil etilgan «O‘zbekiston Respublikasi prezidenti topshirig‘i bo‘yicha AKT sohasida topshiriqlarni amalga oshirish ketma-ketligi» hisobot anjumani bo‘lib o‘tdi.
«O‘zbektelekom» AK tomonidan «Xalqaro paketli kommutatsiya markazlari va ma'lumotlar uzatish tarmoqlarini kengaytirish» loyihasi doirasida Xalqaro paketli kommutatsiya markazi komplekslari modernizatsiya qilindi va shundan keyin XPKM komplekslarining umumiy o‘tkazish qobiliyati 10 marta: o‘zgartirilgan trafigi 110 Gbit/s.dan 1200 Gbit/s.gacha o‘sdi. Kompaniya tarif rejalarda e'lon qilingan tezlikni kafolatlab, 2018 yil 1 dekabrdan boshlab yangi kafolatlangan cheksiz tarif rejalarini ishga tushirishini aytgandi.
Kun.uz'ning Telegram-kanalida o‘tkazilgan va 28 mingga yaqin kishi ovoz bergan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning 74 foizi (20 mingdan ortiq kishi) internet tezligida o‘zgarishni umuman his etmaganini bildirgan, faqat 3 foizi (723 kishi) jiddiy va ijobiy o‘zgarish yuz berganiga ishonishini aytgan, 10 foiz respondent (3 ming) esa qanchadir miqdorda sifat oshganini e'tirof etgan.
Bundan tashqari, anjumandan bir kun o‘tib, ISTV provayderi o‘zining Telegram-kanali barchaning e'tiborini jalb etuvchi murojaatnomani e'lon qildi. Unda aytilishicha, «O‘zbektelekom» O‘zbekiston Respublikasida telekommunikatsiya xizmatlari bozorini to‘laligicha yo‘q qilish va monopollashtirishni istashmoqda.
«Ular rasmiy press-relizda ulgurji xaridorlarga jiddiy ohangda 1 Mbit/s internet uchun 85 ming so‘m narxni taklif qilishyapti. O‘zaro suhbatlarimizda esa kompaniya menejyerlari 1 Mbit/s internetni 125 ming so‘mdan taklif qilishyapti. Shunday sharoitda jismoniy shaxslar ulardan internetni sotib oladigan bo‘lsa, 1 Mbit/s internet, eng past limitsiz tarif rejalarida, 44 ming so‘mdan, agar 20 Mbit/s dan olsa, eng qimmati 27,500 so‘mdan taklif qilinyapti.
Aksariyat provayderlar buyog‘iga qanday yashashni o‘ylamoqda. Umuman, bunday holatda faoliyatni davom ettirishdan ma'ni bormi? Bizning kompaniyamiz ham 4,5 baravarlik tafovutda, aniqrog‘i 1 Mbit/s uchun 97 500 so‘mlik farq bo‘lgan bir sharoitda, siz abonentlarga arzon va sifatli internetni qanday yetkazib berishni tushuna olmay turibdi»















