O‘tgan 11 oy davomida Markaziy karantin laboratoriyasiga import qilinayotgan mahsulotlardan 44 041 namuna ekspertizadan o‘tkazildi. 85 ta holatda 10 turdagi karantin zararli organizmlari aniqlanib, 120 ming tonna zararlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va 10,5 million dona zararlangan ko‘chatning hududga kirib kelishi oldi olindi. 7 dekabr kuni «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan “Fitosanitar xavfsizlikni ta'minlash – mamlakat eksport salohiyatini oshirishning dolzarb omili” mavzusidagi matbuot anjumani doirasida shu haqida ma'lum qilindi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirni «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi boshlig‘i I.K. Ergashev ochib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezidentning sohani rivojlantirishga qaratilgan 1 ta farmoni, 5 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 5 ta qarori qabul qilindi va 5 ta Nizom tasdiqlandi. Shu bilan birga, “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri taqdim etildi, 8 ta me'yoriy-huquqiy hujjatga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Tadbirda inspektorlarning ish samaradorligini oshirish maqsadida ularning moddiy-texnik ta'minoti tubdan yaxshilanayotgani ta'kidlandi. Korruptsion holatlarning oldini olish maqsadida xodimlarning ish haqi bir necha baravar oshirishga muvaffaq bo‘lingani aytildi. Shu o‘rinda inspektorlarning maxsus kiyim-bosh bilan ta'minlanayotgani qayd etilib, formalar namoyish etildi.

I.K.Ergashevning ta'kidlashicha, Prezident qarori bilan karantin inspektorlari uchun reyting tizimi tasdiqlandi. Endi inspektorlar sohadagi islohotlar haqida oyda bir marta ommaviy axborot vositalari orqali ma'lumot berishlari kerak bo‘ladi.
Shuningdek, 2019 yilda O‘zbekistonning har bir viloyatida zamonaviy karantin laboratoriyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ta'kidlandi.

Tadbirda tez orada O‘zbekistonga Yaponiya va Koreya Respublikasining zamonaviy uskunalarini olib kirish, xizmatlarni xalqaro talablarga muvofiqlashtirish rejalashtirilgani ta'kidlandi.
Bugungi kunga kelib, O‘zbekistonda mahsulotlarni eksport va import qilish bo‘yicha talab etiladigan barcha sertifikatlar, karantin ruxsatnomalari xalqaro standartlarga moslashtirildi.















