Bog‘chaning qay darajada qurib bitkazilganini suratlar bilan ham ifoda qilish qiyin bo‘ldi. MTMdagi yo‘laklar, xonalar, sport zali, musiqa zali, cho‘milish havzasi, kompyuter xonasi, sanuzel, qo‘yingki, hammasi risoladagidek. Har bir xonadagi har bir detal did bilan bolajonlarga mos keladigan tarzda qo‘yilgan.  

Qisqasi, maskanda bolajonlarni xuddi ertaklardagidek ta'lim jarayoni kutmoqda.

 

Tadbirkor, Qobiljon Obidov bundan bir yil oldin Andijon viloyati, Marhamat tumani Alitepa mahallasi hududidagi Davkar QVP binosida «Bolalar akademiyasi» nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi loyihasini amalga oshirish uchun ishni boshlagan edi.

8 dekabr kuni 150 nafar bolaga mo‘ljallangan, barcha qulayliklarga ega muassasaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

 

Marosimda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, O‘zbekiston xalq artistlari Yoqub Ahmedov va Erkin Komilov so‘z olib, o‘z tilaklarini bildirishdi.