Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalariga kiritilishi rejalashtirilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar 

1. 6-bandga quyidagi mazmundagi o‘n oltinchi xatboshi qo‘shiladi:

«Maysazor (yashil hudud) – qatnov qismi yoki trotuarga tutashgan daraxt yoki boshqa o‘simliklar ekilgan yohud sun'iy yashil qoplama bilan qoplangan hudud.»;

41-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«Svetofor (reversivdan tashqari)ning yoki tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasida haydovchilar transport vositalarini to‘xtash chizig‘i (5.33 yo‘l belgisi) oldida (bunda transport vositasining eng oldingi nuqtasi to‘xtash chizig‘i ustiga chiqib ketmasligi kerak), bunday chiziq bo‘lmaganda esa:»;

78-bandning ikkinchi xatboshisida «tezligini oshirishga» degan so‘zlardan keyin «va pasaytirishga» degan so‘zlar qo‘shiladi;

88-bandda birinchi va ikkinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«Transport vositalariga yo‘lning o‘ng tomonidagi yo‘l yoqasining imkon qadar chetida, u bo‘lmaganda esa qatnov qismining imkon qadar chetida va ushbu Qoidalarning 89-bandida ko‘rsatilgan hollarda trotuarda to‘xtash va to‘xtab turishga ruxsat etiladi.
Aholi punktlarida ikkita harakat bo‘lagi bo‘lgan bir tomonlama harakat tashkil etilgan yo‘llarda, o‘rtada tramvay izi bo‘lmasa yo‘lning chap tomonida ham to‘xtash va to‘xtab turishga ruxsat etiladi.»;

89-band birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«Transport vositalarini yo‘lning qatnov qismi chetiga parallel holda bir qator qilib, kajavasi bo‘lmagan ikki g‘ildirakli transport vositalarini ikki qator qilib qo‘yishga ruxsat etiladi.»;

91-bandga quyidagi mazmundagi o‘n uchinchi xatboshi qo‘shiladi:

«maysazor (yashil hudud) bilan band qilingan hududlarda.»;