Yevropa Chempionlar ligasidagi 4 guruhda 6-tur uchrashuvlari yakunlandi. «Liverpul» o‘zi uchun kurashib, pley-offga yo‘l oldi.

«Liverpul» (Angliya) - «Napoli» (Italiya) - 1:0 (1:0)
Gol: Saloh, 34.
«Liverpul»: Alisson, Aleksandr-Arnold (Lovren, 90), Matip, van Deyk, Robertson, Veynaldum, Henderson, Milner (Fabinyu, 85), Saloh, Roberto Firmino (Keyta, 79), Mane.
«Napoli»: Ospina, Maksimovich, Albiol, Kulibali, Mariu Ruy (Gulyam, 70), Allan, Hamshik, Ruis (Zelinski, 62), Kallejon, Mertens (Milik, 67), Insine.
Ogohlantirishlar: Van Deyk, 13. Kulibali, 40. Saloh, 83. Robertson, 90+1. Mane, 90+3.
Hakam: Skomina (Sloveniya).
11 dekabr. Liverpul. «Enfild» stadioni.

Chempionlar ligasining hech bir guruhida oxirgi tur arafasida C guruhidagi kabi intriga yo‘q edi. To‘rt jamoada ham oxirgi tur natijalariga ko‘ra, bahorda yevrokuboklardagi ishtirokini ta'minlash uchun imkoniyat mavjud edi. «Napoli» 9 ochko bilan yetakchi, «PSJ» 8 ochko bilan ikkinchi, «Liverpul» 6 ochko bilan uchinchi edi. 4 ochkosi bor «Tsrvena Zvezda»da ham boshqa o‘yinlar natijalariga ko‘ra uchinchi o‘rinni egallab, Yevropa Ligasiga yo‘llanma olish umidi saqlanib qolgandi.

Bir necha kun muqaddam Premer-ligada «Siti»ni quvib o‘tib, turnir jadvali peshqadamiga aylanib olgan mersisaydliklarni «Napoli»ga qarshi o‘yinda shunchaki g‘alaba emas, gol o‘tkazmasdan g‘alaba qozonish qoniqtirardi (mehmonlarning 2:1, 3:2, 4:3 va hokazo ko‘rinishdagi bir gol farqli g‘alabalari mezbonlarni keyingi bosqichga olib chiqardi).

Parallel kechadigan uchrashuvda «PSJ» g‘alaba qozonishi deyarli aniq bo‘lgani tufayli, «Liverpul»ni kamida 1:0 hisobidagi g‘alaba (yoki 2 to‘p farqi bilan g‘alabalar) qoniqtirardi va aynan shu hisobdagi g‘alabaga erishildi. Durang ham qoniqtiradigan neapolitanliklar jamoasi murabbiyi Karlo Anchelotti esa o‘yin oldidan kamtarlik qilib o‘tirmadi. «Biz tort tayyorladik, endi ustiga qiyom surtish qoldi. Agar pley-offga chiqmasak, tentakmiz», dedi u.

Klopp esa bu safar jiddiy edi: «Bizda «Napoli»ga qarshi o‘yin. Angliya chempionatida peshqadam bo‘lib olganimizni unutib turamiz».

Anchelottining so‘zlaridan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, endi «Napoli» futbolchilarini tentak deb atashimiz mumkin. Aslida, bu oqshom maydonda «Liverpul» ham, «Napoli» ham yuqori darajadagi futbolni namoyish etishdi. Bu YeChL pley-off bosqichiga munosib o‘yin edi.