O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida G‘uzor tumanidagi quruq dasht o‘rnida qurilayotgan zavodni borib ko‘rdi.
«Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 13 dekabr kuni bu yerga yana bir bor tashrif buyurdi. Faqat bu gal manzara umuman boshqacha. 135 gektardan ziyod maydonda qurilish ishlari qizg‘in. Temir-beton poydevorlar qo‘yilib, estakadalar ko‘tarilgan. Ulkan avtokranlar o‘rnatilib, murakkab uskunalarni yig‘ish boshlab yuborilgan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Zavod dunyodagi yetakchi lisenziar kompaniyalar – Sasol (JAR), Haldor Topsoe (Daniya) va Chevron (AQSh) texnologiyasi asosida barpo etilmoqda. Qurilish ishlari bosh pudratchi – Koreya Respublikasining Hyundai Engineering Co. Ltd. va Hyundai Engineering and Construction Co., Ltd, Singapurning Enter Engineering Pte. Ltd. kompaniyalari tomonidan olib borilmoqda. Quruvchi va payvandchilarning ko‘pchiligi mahalliy yoshlar hisoblanadi.
Majmua uchun zarur 11 mingdan ortiq texnologik uskunalar Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, AQSh, Germaniya, Italiya, Xitoy, Rossiya kabi 21 davlatdagi 126 zavodda tayyorlanmoqda.
«Bunday ish hajmi bejiz emas. Tabiiy gazdan sintetik suyuq yoqilg‘i (GTL) olish juda noyob jarayon bo‘lib, yuqori texnologiyalar va murakkab ilmiy yechimlarni talab etadi. Hozirda dunyoda bunday zavodlar atigi beshta, o‘zimizning Sho‘rtandagisi oltinchisi bo‘ladi», deyiladi xabarda.
Mazkur ulkan loyihaning umumiy qiymati 3,6 milliard AQSh dollariga teng. Loyiha amalga oshirilishi natijasida yiliga 3,6 milliard kub metr gaz chuqur qayta ishlanib, YeVRO-5 standartlariga javob beradigan 1,5 million tonna sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqariladi. Bular 311 ming tonna aviakerosin, 743 ming tonna dizel yonilg‘isi, 431 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gazdir.
Tabiiy gaz shunchaki xomashyo sifatida emas, qo‘shimcha qiymatli mahsulot sifatida sotiladi.
1000 kub metr tabiiy gaz eksport narxi hozirgi kunda 155 dollar atrofida bo‘lsa, bo‘lg‘usi zavodda shuncha gazni qayta ishlash orqali 300 dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi.
Yiliga hisoblaganda, tabiiy gazdan ko‘ra tayyor GTL mahsulotlaridan ko‘riladigan qo‘shimcha daromad 576 million dollardan oshadi.
«Yana bir muhim jihati – zavod mahsulotlari hozirda chetdan import qilanayotgan xomashyolar o‘rnini qoplaydi. Buning evaziga yiliga neft sotib olishga ketadigan 1 milliard dollardan ortiq valyuta mablag‘lari iqtisod qilinadi. Zavod ishga tushgach, 1 ming 300 nafardan ortiq kishi ish bilan ta'minlanadi», deya qayd etilgan prezident matbuot xizmati xabarida.



















