O‘zbekistonda keyingi yillarda turizmni rivojlantirish uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizdagi tarixiy obidalarga turistlarni yanada ko‘proq jalb qilish uchun davlat rahbari va hukumat darajasida turli farmon va qarorlar qabul qilinmoqda. Turli xalqaro ko‘rgazmalar tashkil etilmoqda, turizm infrastrukturasi rivojlantirilmoqda, transport qatnovlari ko‘paytirilmoqda, tarixiy shaharlarimizda mehmonxonalar soni tobora ortib bormoqda. 

Buning natijasi o‘laroq, yildan yilga mamlakatimizga turistlar oqimi ko‘payayotgani qayd etilmoqda va tugab borayotgan yilda bu borada rekord ko‘rsatkichga erishilishi tayin.
Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, 2018 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonga 4,6 million nafar xorijlik kirib kelgan.

O‘zbekistonga kirib kelgan barcha xorijlik fuqarolarning 7 foizi safar maqsadi sifatida sayyohlikni ko‘rsatgan. Ko‘pchilik (72 foiz) mamlakatga qarindoshlarini ko‘rish maqsadida tashrif buyurgan.

Ya'ni, mamlakatimizga kirgan xorijiy davlat fuqarolari aksariyatining O‘zbekistonda qarindoshlari bor va ularning ham aksariyati o‘zimizga qo‘shni bo‘lgan davlatlardan kirib kelishmoqda.
Ayniqsa, Tojikiston bilan chegaralar ochilgach, bu qo‘shni davlatdan yurtimizga tashrif buyurganlar soni 9 oyda 1 million 165 ming nafarni tashkil etgan.

O‘zbekistonga kelgan kishi borki, Samarqandu Buxoroning qadim minoralarini ko‘rmasdan ketmaydi. Yurtimizdagi osori-atiqalarni tomosha qilish esa pullik. Xususan, Samarqandda barcha joylarga kirish uchun voyaga yetgan O‘zbekiston fuqarolari bir xil narx — 1000 so‘m qilib belgilangan. Biroq, xorijiy fuqarolar uchun belgilangan narxlar bir necha o‘n karra baland. 

Masalan, «Registon» ansambliga kirish 30 ming, Amir Temur maqabarasiga kirish 22 ming, Ulug‘bek rasadxonasiga kirish 22 ming so‘m va hokazo. Shohi Zinda, Bibixonim masjidi, Xo‘ja Doniyol maqbarasi, hattoki yangi qurib bitkazilgan Imom Buxoriy majmuasiga kirishda ham ahvol shu. Hattoki hovlisiga O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov dafn etilgan Hazrati Xizr masjidiga kirish ham pullik qilinibdi. Albatta, Karimov ziyorati tekin, lekin ziyoratga ko‘tarilayotib, o‘sha yerdagi xodimlarning «avval bu yoqqa kiringlar», deb masjidga kirishga jalb etishi kishining ensasini qotiradi.

Samarqandga tanish-bilishlar kelib turadi. Ularni aylantirish asnosida bir narsaga guvoh bo‘ldim: Qozog‘iston, Tojikiston kabi qo‘shni davlatlardan kelganlarni bunday narxlar og‘rintirmoqda. Ular chipta narxi biroz qimmat ekanini baralla aytishmoqda. Hattoki qimmat ekan, deb Registonga kirmasdan burilib ketganlarga ham guvoh bo‘ldim. 5-6 kishi kiradigan bo‘lsa mo‘maygina pul bo‘lyapti-da axir!