Samarqand shahridagi olimpiya zaxiralari tayyorlash markazida kattalar (erkaklar) o‘rtasida boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionati final janglari bo‘lib o‘tdi.

2020 yilgi Tokio olimpiadasiga tayyorgarlik sifatida yangicha 8ta vazn toifasida o‘tkazilgan mamlakat birinchiligida g‘oliblar aniqlandi.

52 kg vazn toifasida Toshkent shahrining «Dinamo» ko‘ngillilar jamiyati vakili sifatida ishtirok etgan Olimpiada chempioni Hasanboy Do‘smatov finalda Toshkent viloyatining «Dinamo» ko‘ngillilar jamiyati vakili Xudoynazar Fayzovni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bronza medallari farg‘onalik Abrorjon Qodirov va Toshkent shahri vakili Nodirjon Mirzaahmedovga nasib etdi.

57 kg vazn toifasida Toshkent shahri vakili Abdulhay Shorahmatov Toshkent shahrining «Dinamo» ko‘ngillilar jamiyati vakili Otabek Xolmatovni texnik nokautga uchratdi. Bu vaznda bronza medallarini Toshkent viloyati vakili Hasanjon Turdikeldiyev va farg‘onalik Mirazizbek Mirzaxalilov qo‘lga kiritishdi.

63 kg vazn toifasida Toshkent viloyati vakili Aliyor Nuraliyev Toshkent viloyati Mudofaa vazirligi sport klubi vakili, Osiyo o‘yinlari sovrindori Shunqor Abdurasulovni texnik nokautga uchratdi. Bronza medallariga esa buxorolik Shukurjon Rahimov hamda andijonlik Kamrobek Eshmatov ega chiqishdi.

69 kg vazn toifasida Jizzaxning «Dinamo» ko‘ngillilar jamiyati vakili, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Bobo-Usmon Boturov yana bir Osiyo o‘yinlari g‘olibi, andijonlik Iqboljon Xoldorovni 3:2 hisobida yengib chempion bo‘ldi. Uchinchi o‘rin shohsupasiga esa farg‘onalik Fazliddin Meliboyev va Toshkent viloyatining «Dinamo» ko‘ngillilar jamiyati vakili Jahongir Rahmonov chiqishdi.