Bozor iqtisodiyotini tanlagan har qanday mamlakat o‘zining ichki va tashqi imkoniyatlarini chuqur tahlil qilgan holda, iqtisodiy resurslardan samarali foydalanish yo‘llarini izlaydi va aholining doimiy o‘sib boruvchi ehtiyojlarini imkon qadar yuqori darajada qondirishga intiladi. Bu borada samaraliroq natijalarga erishish uchun iqtisodiy faoliyatni tartibga solish vakolatini xalq davlat organlariga topshiradi.

Statistik faoliyatni shaffoflik tamoyili asosida amalga oshirish, kundan kunga kuchayib borayotgan oshkoralik muhiti, OAVning zamon talablariga mos tarzda faoliyat ko‘rsata boshlashi mamlakatimiz hozirgacha iqtisodiy rivojlanish va aholi turmush darajasini yaxshilash borasidagi mavjud imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanmaganligini va buning uchun xizmat qilishi mumkin bo‘lgan ulkan imkoniyatlar chetda qolib ketayotganini yaqqol yoritib berdi.

Mamlakatimizda 2016 yilda start olgan keng qamrovli islohotlarning yangi bosqichi joriy yilda ham izchillik bilan davom ettirildi. Davlat buyurtmasi asosida xarid qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxlari fermer xo‘jaliklari samarali ishlashini ta'minlaydigan darajagacha ko‘tarildi, moliyaviy oqimlar energetika sohasini kerakli investitsion manbalar bilan ta'minlashga yo‘naltirildi, turistik faoliyatni zamon darajasiga keltirish uchun salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Innovatsion g‘oyalar, ilg‘or texnologiyalarni tadbirkorlik faoliyatiga jadallik bilan jalb etish natijasida yillik tabiiy gaz qazib olish miqdori 3 milliard kubometr yoki 9 foizdan ko‘prokka, yengil avtomobillar ishlab chiqarish esa qarib 1,5 baravarga ko‘paydi. Shu bilan birga mamlakatda elektroenergiya, rangli metallar va boshqa strategik ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlar ishlab chiqarish hajmi yuqori sur'atlar bilan o‘sdi, xizmatlar ko‘rsatish, jumladan, yo‘lovchi va yuk tashish transporti, aloqa va turizm xizmatlari sohalarida ham yaxshi natijalarga erishildi.

Faqat qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari yaratilgan katta imkoniyatlardan foydalana olishmadi hamda buning obektiv va sub'yektiv sabablari mavjud. Bu sabablar ichida fermer xo‘jaliklarining suv ta'minotiga tegishli qonunchilik zamonaviy talab darajasida takomillashtirilmaganligi eng katta ahamiyatga ega. Agrar soha boshqaruvi bozor mexanizmi asosida emas, balki sovet davridan qolgan markazlashgan, rejali tizim tamoyillari, boshqacha qilib aytganda, qo‘l boshqaruvi asosida yo‘lga qo‘yilganligi, tegishli vazirliklar va mahalliy boshqaruv organlari o‘rtasidagi boshqaruv funksiyalari aniq qilib ajratib qo‘yilmaganligi sababli joriy yilda 2017 yilga nisbatan 600 ming tonna paxta, 2 million tonnadan ko‘proq bug‘doy kam yetishtirildi, chorva uchun yetarli ozuqa zaxirasi yaratilmadi.