Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Tuman (shahar), viloyat va respublika miqyosida “Eng yaxshi xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkati” tanlovini o‘tkazish, texnik va sanitariya xolati hamda energiya tejamkorlik ko‘rsatkichi bo‘yicha “Eng yaxshi uy” sifat belgisi bilan taqdirlash uchun ko‘p kvartirali uyni tanlab olish tartiblari to‘g‘risidagi Nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Tuman (shahar), viloyat va respublika miqyosida “Eng yaxshi xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkati” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, tanlovning maqsadi – shirkatlarning faoliyatini rivojlantirish, rag‘batlantirish, eng yaxshi shirkatlar tajribasini amaliyotga tatbiq qilish, xonadon mulkdorlari o‘rtasida umumiy mulkni boshqarish, saqlash, foydalanish, uni asrab avaylash va rivojlanishga ko‘maklashishga undashdan iborat.
Tanlovning asosiy vazifalari:
tuman (shahar), viloyat va respublikadagi eng yaxshi xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatini aniqlash;
tanlov g‘oliblari – eng yaxshi xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlarini moddiy rag‘batlantirish;
xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatidagi ko‘p qavatli uy-joylarni boshqarish va xizmat ko‘rsatishning sifatini oshirishga yordam berish.
“Eng yaxshi xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkati” tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni sovrinlar bilan rag‘batlantirish O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimiyatlari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmalari bilan birgalikda har yili “Eng yaxshi xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkati” tanlovining tuman (shahar), viloyat va respublika bosqichlarini o‘tkazadi.
Tanlov quyidagi 3 bosqichda o‘tkaziladi:
1-bosqich – tuman (shahar) xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari o‘rtasida;
2-bosqich – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha 1-bosqich g‘oliblari o‘rtasida;
3-bosqich – respublika bo‘yicha 2-bosqich g‘oliblari o‘rtasida.















