O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Moddiy madaniy meros obektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Hujjatda O‘zbekiston xalqining umummilliy boyligi hisoblanadigan madaniy meros obektlarini muhofaza qilish sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etishda fan va innovatsion texnologiyalar yutuqlaridan samarali foydalanmaslik natijasida loyihalash, restavratsiya-tiklash ishlari moddiy madaniy meros obektlarining noyobligini saqlab qolishga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani qayd etilgan.

Qaror moddiy madaniy meros obektlarini muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish, ulardan oqilona foydalanish va yurtimizning sayyohlik salohiyatini oshirishda ularning o‘rni va ahamiyatini oshirish hamda moddiy madaniy meros sohasidagi davlat nazoratini tubdan takomillashtirish maqsadida qabul qilinmoqda va quyidagi chora-tadbirlarni nazarda tutadi:

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi hamda uning mintaqalararo (mintaqaviy) davlat inspeksiyalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros departamenti hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tashkil etilmoqda.

Departamentning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:

  • moddiy madaniy meros, shu jumladan, arxeologiya merosi obektlari, muzey ashyolari va kolleksiyalari hamda madaniy boyliklarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
  • moddiy madaniy meros obektlarining davlat kadastrini yuritish, tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan obektlarni aniqlash, ularni hujjatlashtirish va davlat hisobiga olish, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari toifalari va qo‘riqlanadigan tegralarini belgilash, shuningdek, ulardan oqilona foydalanilishini ta'minlash;
  • tarixiy-madaniy va loyiha-smeta hujjatlarining ekspertizasini, moddiy madaniy meros obektlarining tarixiy-madaniy qimmati va noyobligiga asrashga doir ishlarni putur yetkazmagan holda amalga oshirilishi bo‘yicha uzluksiz ilmiy-texnik nazoratni olib borish;
  • alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy va jahon madaniy merosi obektlari jumlasiga kiritilgan hududlarda shaharsozlik va boshqa xo‘jalik faoliyatlarini ularning tarixiy-madaniy muhiti, tabiiy landshafti va o‘ziga xosligini saqlab qolgan holda olib borilishini muvofiqlashtirish;
  • arxeologiya ashyolari davlat katalogini yuritish, arxeologiya tadqiqotlarini amalga oshirish tartibi va shartlariga rioya qilinishi, arxeologiya ashyolarining o‘z vaqtida hisobga olinishi va davlatga topshirilishini nazorat qilish hamda ularni fan, madaniyat va ta'lim muassasalariga biriktirish, shuningdek, arxeologiya tadqiqotlari bo‘yicha ilmiy hisobotlarni qabul qilish, ekspertizadan o‘tkazish va arxivini yig‘ish, arxeologiya yodgorligini kontservatsiyalash hamda muzeylashtirish;