Sport | 14:40 / 20.12.2018
14195
3 daqiqa o‘qiladi

Pogba Mourinoning iste'fosini nishonladi. Kerrik va boshqalar undan norozi

«Manchester Yunayted» futbolchisi Pol Pogba Joze Mourino bosh murabbiy lavozimini tark etishini xursandchilik bilan nishonladi.

The Sun nashri xabariga ko‘ra, fransuz futbolchisi Mourinoning ishdan bo‘shatilishini ertalabki mashg‘ulotlar vaqtida boshqa bir necha futbolchi bilan birga nishonlagan. Xabarda aytilishicha, Pogba xursandchilikdan sakragan va yonidagilarga go‘yoki shunday degan: «U meni ahmoqqa chiqarmoqchi va fanatlarni menga qarshi qilib qo‘ymoqchi edi. Lekin u adashdi».

O‘sha kuni vaqtincha murabbiy vazifasida bo‘lgan Maykl Kerrik buning uchun futbolchiga dashnom bergan va klub har qanday futbolchidan muhimroqligi, «Yunayted» standartlariga mos kelmagan futbolchidan voz kechilishi haqida gapirgan.

«Manchester Yunayted»ning yana bir sobiq futbolchisi Gari Nevill ham Pol Pogbani instagramdagi suratiga salbiy munosabat bildirgandi.

Fransiyalik futbolchi Instagram va Twitter`dagi sahifalarida nimtabassum bilan tushgan suratini joylab, «Rasmga nom toping!» deb yozdi. Ammo birozdan so‘ng har ikkala tarmoqda ham postni o‘chirib tashladi. 

«Manchester Yunayted» — Pol Pogba bilan kuchli jamoa. Aytish kerakki – unda katta iste'dod bor, men uning futbolchilik salohiyatiga ishonch bildiraman.

Pol murabbiy bilan nizolashgandi. Ular bir-birlarini yomon ko‘rib qolishgandi, futbolchi murabbiyni yaxshi murabbiy emas deb hisoblar, murabbiy esa futbolchini yaxshi futbolchi deb bilmasdi. Mourino va Pogba o‘rtasida keyingi 6 oy davomida tuganmas ziddiyat yuzaga kelgandi.

Lekin endigina ishdan haydalgan murabbiyning «go‘riga g‘isht qalash» aqldanmas. Joze ishini yo‘qotdi, Pol va uning odamlari esa bunday post qoldirmoqda – bu tasodif emasdi, bu oldindan rejalashtirilgandi. Bu haddan tashqari yaramaslik, mutlaq yaramaslik.

Vaziyat shundayki, murabbiy hamisha aybdor qilinadi, hamisha murabbiylar barchasi uchun balogardon. Keyingi 6 yilda «Manchester Yunayted»da 3 nafar ajoyib mutaxassis omadsizlikka uchradi. Joze qayerda ishlasa, g‘olib bo‘lgandi. Men bir daqiqa ham u ketishi mumkinligi haqida o‘ylamagan, u yana sovrin yutishiga ishonayotgandim», — deya yozgan Nevill.

Bundan avvalroq, «MYu» Pogba Mourinoning iste'foga chiqarilishiga instagramidagi munosabatiga javoban jarimaga tortgandi.

OAVda Pogba Mourinoning iste'fosidan keyin «MYu»dan ketish fikridan qaytgani haqida ham xabarlar tarqalgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid