Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarni oldini olish masalasi bugungi kunda Yoshlarga oid davlat siyosatining dolzarb yo‘nalishlaridan biridir. Shu ma'noda mamlakatda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirlik va idoralar hamda nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birga jamoatchilik vakillari tomonidan yoshlarning siyosiy faolligini oshirish, huquqiy ongi va madaniyatini rivojlantirish hamda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish borasida ham yil davomida amaliy ishlar qilinmoqda.

2018 yil mobaynida jinoyatchilikni oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida hamkor tashkilotlar tomonidan bajarilgan ishlarni tahlil etish, joylarda bu sohadagi ish samaradorligini oshirish, yil sarhisobini qilish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy Kengashlari tomonidan Respublika bo‘ylab “Mamlakatimizda yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilikni oldini olishning dolzarb masalalari va kelgusidagi vazifalar” mavzusidagi respublika amaliy anjumani o‘tkazildi.

Xususan, Xorazm viloyatidagi yig‘ilishda bugungi kunga qadar adashib jinoyat yo‘liga kirgan, sodir etgan jinoiy qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan 33 nafar xorazmlik yoshlar Yoshlar ittifoqi Xorazm viloyat Kengashining «Yoshlar kafilligi» asosida sud zalidan ozod qilinganligi va ular bilan hozirda yakka tartibda rejalar tuzilib ishlanayotganligi, yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilikni oldini olish borasida bajarilgan amaliy ishlar natijasida viloyatda yoshlar jinoyati 717 tadan 459 taga, ya'ni 36 foizga kamayganligi ta'kidlandi. Ammo bu boradagi kamchiliklar butunlay bartaraf etilganicha yo‘q. Joylarda hali hanuz o‘zining yechimini kutayotgan muammolar ijobiy hal etilmagani sababli Gurlan tumanida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik 55,6 foizga oshgan. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar Xiva shahrida 4 taga, Xonqa tumanida esa bu ko‘rsatkich 1 taga, Bog‘ot tumanida 3 taga ko‘payganini ko‘rsatmoqda.

Muhokamalar jarayonida yil davomida bajarilgan ishlar tanqidiy tahlil etildi. Jumladan, Xiva shahar va Gurlan tumanlaridagi holat ishlar samaradorligini yanada oshirishni talab etmoqda.
Jizzax viloyati Jizzax davlat pedagogika institutida ham mazkur mavzuda anjuman tashkil etildi. Yig‘ilishda yil davomida bajarilgan ishlar sarhisob qilinib, viloyatdagi yoshlarga mas'ul bo‘lgan rahbarlar tomonidan Zafarobod, Paxtakor, Zomin tumanlarida ishlar samaradorligini yanada oshirish zarurligi ta'kidlab o‘tildi. Yig‘ilishdan keyin tuman (shahar)dan kelgan rahbar xodimlar, idora va tashkilotlar vakillari uyushgan holda 2019 yilda jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan ish reja loyihasi ishlab chiqildi.




















