Kuz-qish mavsumida aholining gazga bo‘lgan ehtiyoji yanada ortadi. Pishir-kuydir, choy qaynatish, eng asosiysi uyni isitish uchun ham «zangori olov» kerak. Bu davrda istaysizmi, yo‘qmi ayrim hududlarda tabiiy gazning uzilish yoki pasayib ketishi bor gap. Kun.uz tahririyatiga Jizzax viloyati, Zarbdor tumanidan murojaat kelib tushdi.
Murojaat mazmuniga ko‘ra tumandagi Lalmikor QFY, Navoiy mahallasi S.Ahmad ko‘chasida istiqomat qiluvchi aholi uch yildan beri tabiiy gazdan foydalanmaydi. Muammoni o‘rganish maqsadida murojaatchilar bilan uchrashish uchun yo‘lga chiqdik. Bizni ko‘cha boshida yigirmadan ortiq xonadon sohiblari kutib turgandi. Birin-ketin shikoyatlar yog‘ila boshlandi.
«Uch yildan beri gaz yo‘q. Qiynalib ketdik. Ovqat pishirish muammoga aylanib qoldi. Gaz yo‘qligi uchun elektr isitish moslamalaridan foydalanamiz. Ko‘chamizda kuchi yetganlar propan gazdan foydalanadi. Kuchi yetmaganlar o‘choq, qo‘lbola pechka yasab olishgan. O‘tin falon pul, yosh bolalilar qiynalib ketdi. Bizni ham o‘ylaydiganlar bormi...?».
Ko‘cha ahlining ta'kidlashicha, tabiiy gaz bosimi o‘ta pastligi va sovuq kunlarda umuman yo‘qligi ko‘plab muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Aholi tabiiy gaz haqini (aytarli foydalanishmasa ham) o‘z vaqtida to‘lab boryapti. Shunga qaramay, mana uch yildirki o‘zgarish yo‘q.
«To‘lovlarni o‘z vaqtida qilamiz. Qarz bo‘lib ko‘ring-chi, uyingizdagi qo‘lga ilinadigan narsani olib chiqib ketishadi. Mana, uyni isitish quvurlari sovuqda yorilib ketdi. Gaz quvurini, isitish moslamalarini ham uzdirib tashladim, uyda yosh bolalar bor, hech bo‘lmasa to‘rt oygina gazni yoqib qo‘yishsin, yozda bir amallarmiz», – deydi aholi vakillaridan biri.


Qayd etish joizki, tumandagi S.Ahmad ko‘chasida o‘ttiz xonadon istiqomat qiladi. Suhbatga nevaralari ko‘magida kelgan onaxon qo‘shiladi.
«Gazimizni qilib beringlar aylanay, iltimos. Juda qiynalib ketdik. Umuman gaz yo‘q, ikki kam saksonga kirdim, uyda o‘g‘lim yo‘q... Yozda bermasayam, qishda bersin... nevaralarim kasal bo‘lib qoldi», deya ko‘zda yosh bilan zorlanadi Maryam ona.

















