Sentabr oyida Shayxontohur tumanidagi 197-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida ota-onalardan kelib tushgan shikoyat asosida Maktabgacha ta'lim vazirligi Ichki audit xizmati tomonidan o‘tkazilgan auditorlik tekshiruvidan so‘ng prokuratura organlari Jinoyat kodeksining 167-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgandi. 

14 noyabr kuni muassasa sobiq mudirasi davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning jami miqdori - 426 mln 875,5 ming so‘m mablag‘ni to‘liq to‘lagani ma'lum bo‘ldi. Mudira buncha pulni qayerdan topgani noma'lum.

Kun.uz muxbiri ushbu sohadagi mutaxassislar bilan bog‘landi va ayrim bolalar bog‘chalari rahbarlari qanday noqonuniy yo‘llar bilan daromad topishayotganiga aniqlik kiritdi.

Sut, saryog‘ va go‘sht

Daromad topishning eng asosiy manbalari. Masalan, bog‘cha mudirasi go‘sht savdosi bilan shug‘ullanuvchi xususiy tadbirkor bilan kelishadi. Bolalar har oyda 100 kilo go‘sht iste'mol qilishi kerak, buning uchun pul ajratilgan. Mudira yetkazib beruvchi bilan kelishib oladi va uning hisobiga 100 kg go‘sht uchun pul o‘tkazadi. Yetkazib beruvchi esa o‘tkazilgan pulni naqdlashtiradi va bog‘chaga bor-yo‘g‘i 40 kg go‘sht olib keladi. Qolgan pulni esa bo‘lishib olishadi. Aytaylik, 60 kg go‘sht 2 mln 400 ming so‘m turadigan bo‘lsa, 1,5 mln so‘mini mudira, 900 mingini go‘sht sotuvchi oladi.

1,5 mln so‘mni 12 oyga ko‘paytirsak, 18 mln so‘m bo‘ladi. Sut, qaymoq va boshqa mahsulotlar bilan ham xuddi shunday sxema asosida ish ko‘riladi.

Qishki zaxira

Ekspertlarning qayd etishlaricha, kuz-qish mavsumi arafasida bolalar bog‘chalari zaxira uchun ko‘plab sabzavot (kartoshka, piyoz va v.b.) sotib oladi. Masalan, bolalar bog‘chasida kerakli sabzavotlarni zaxira qilish uchun 10 mln so‘m bor. Bu pul tanish firmaga o‘tkaziladi, ular esa pulni naqdlashtirishadi. Mudiraning qo‘liga 9 mln so‘m tegadi. Bog‘cha xodimlari bozorga borib 3 mln so‘mlik sabzavot sotib olishadi, qolgan pul esa cho‘ntakka tushadi.

Bola ko‘p bo‘lsa, daromad ham ko‘p bo‘ladi