Xorazm viloyati Xonqa tumani Olaja qishlog‘idagi Shirin mahallasida barpo qilinayotgan namunaviy uy-joylarni xarid qilgan fuqarolar Kun.uz`ga murojaat bilan chiqishdi. Ularni bu uy-joylarning gaz bilan ta'minlanmasligi haqidagi gap-so‘zlar xavotirga solgan.

«Xonqa tumani hokimiyati va gaz idorasi Olaja qishlog‘idagi yangi uylarga gaz berilmasligi haqida aytishmoqda yoki «hali aniq emas» deb, izohdan qochishmoqda. Shu yerga yaqin bo‘lgan hududlarda gaz bo‘lsa, nega yangi uylarga gaz berilmasligi kerak? Namunaviy uy-joylarda gaz bo‘lmasa, yangi qurilgan uylarning devorlari nurab, rasvo bo‘ladi-ku? Bundan tashqari, qishda qanday qilib bu uylarda yashash mumkin? Dastlabki badal uchun 75 million so‘m to‘ladik, yana 20 yil davomida 512 million so‘m to‘lashimiz kerak, nega endi gazsiz o‘tirishimiz kerak? Bu yangi aholi punktida kam ta'minlanganlar, nogironlarga ham uylar berildi. Endi ular ham o‘tin chopib kelib uyni isitishi yoki gaz ballonlarni orqalab, navbat kutib, gaz to‘ldirishi kerakmi? Iltimos, shu mavzuni yoritinglar», - deyilgan edi murojaatda.

Vaziyatni o‘rganish uchun Xonqa tumani, Olaja qishlog‘i, Shirin mahallasiga bordik.

Dastlabki ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, 2016 yil 21 oktyabrda qishloq joylarda aholining keng qatlamlarini zamonaviy va shinam uy-joy bilan ta'minlash darajasini tubdan oshirish maqsadida «2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilindi.

Dasturga asosan, Shirin mahallasida hovlidagi imoratlar bilan birgalikda maydoni 0,02 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida joylashtiriladigan bir qavatli 2 va 3 xonali uylar, shuningdek hovlidagi imoratlar bilan birgalikda maydoni 0,04 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida joylashtiriladigan ikki qavatli 4 xonali birlashtirilgan jami 124ta uy-joy qurilishi boshlandi. Ayni paytda «Qishloq qurilish invest» MChJ buyurtmachiligida va 10ta korxona pudratchiligida qurilish ishlari olib borilmoqda. Hali ishlar to‘liq nihoyasiga yetkazilgani yo‘q.

Shu yilning avgust, sentabr va oktabr oylarida tumandagi kam ta'minlangan, nogironligi bor shaxslar yashayotgan 20dan ortiq oilalarga maydoni 0,02 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida joylashtirilgan 3 xonali uylar topshirilgan. Hududning bir qismida joylashgan uylar tezkor ravishda qurib, bitkazilgan va egalariga berilgan. Uylar narxining dastlabki badali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘iga asosan to‘lab berilgan.