O‘zbekiston | 14:31 / 25.12.2018
5971
3 daqiqa o‘qiladi

TIV: 2018 yilda O‘zbekistonning 10 ta muhim xalqaro tashabbusi to‘liq amalga oshirildi

Foto: Ramiz Baxtiyarov

2018 yilda O‘zbekistonning 10 ta muhim xalqaro tashabbusi to‘liq amalga oshirildi, deb xabar bermoqda TIV.

Ular orasida, 15 martda Ostonada Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi Maslahatlashuv uchrashuvlarining o‘tkazilishini, BMT Bosh Assambleyasining «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» (22 iyun) va BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida «Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik» (12 dekabr) rezolyutsiyalarining qabul qilinishi bor. Ushbu formatdagi ikkinchi uchrashuv 2019 yilning aprelida Toshkentda bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi va davlat rahbari ilgari surgan Afg‘oniston mojarosini hal etish va uni mintaqaviy iqtisodiy loyihalarga jalb qilish bo‘yicha takliflari keng miqyosda xalqaro e'tirofga sazovor bo‘ldi, deyiladi TIV saytida.

6-10 sentabr kunlari Shahrisabzda 70 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirokida birinchi Maqom san'ati xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir ishtirokchilari va mehmonlarining fikricha, ushbu forum jahon madaniyatining mulkiga aylangan noyob o‘zbek milliy maqomini saqlash va rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi.

Shanxay hamkorlik tashkilotining Tsindaoda (9 iyun) bo‘lib o‘tgan navbatdagi sammitida O‘zbekiston prezidentining taklifiga muvofiq ShHTga a'zo davlatlar rahbarlarining Yoshlarga qo‘shma murojaati va uni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturi qabul qilindi. Tashkilotga a'zo davlatlar rahbarlari kengashi O‘zbekiston Respublikasi vakili – V.Norovni ShHTning bosh kotibi etib sayladi.

27 noyabrda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi faoliyati boshlanishiga bag‘ishlangan yuqori darajadagi tadbir bo‘lib o‘tdi.

Fondning asosiy vazifasi O‘zbekiston, BMT va xalqaro hamjamiyatning sa'y-harakatlarini birlashtirish, texnik-moliyaviy resurslarni safarbar etish, mintaqaga innovatsion texnologiyalarni jalb qilish orqali Orolbo‘yi hududini rivojlantirishga ko‘maklashishdan iborat.

2018 yilning noyabrida Samarqand shahrida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligiga bag‘ishlangan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi bo‘lib o‘tdi. Forum jahon hamjamiyati tomonidan inson huquqlari va qadr-qimmatini yuksaltirishga, manfaatlar va inson huquqlarini himoya qilish tizimini mustahkamlashga qaratilgan ijtimoiy ahamiyatga molik global voqea sifatida e'tirof etildi.

11 dekabrda Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat departamenti «Diniy erkinlikni tizimli, davomiy va jiddiy ravishda buzishda ishtirok etuvchi mamlakatlar ro‘yxatidan» O‘zbekistonni chiqarganligini e'lon qildi. 

Qayd etilishicha, bu qaror mamlakatda amalga oshirilayotgan chuqur islohotlarning xalqaro miqyosda e'tirof etilishining muhim dalilidir.

Mavzuga oid