Italiya chempionatining 18-turi doirasida «Atalanta» Turinning «Yuventus» klubini qabul qildi. Bergamodagi «Atleti Adzurri» stadionida kechgan uchrashuv 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi. 

O‘yinning 2-daqiqasidayoq turinliklar oldinga chiqib olishdi — «Atalanta» himoyachisi Berat Jimsiti o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. 24-daqiqada mezbonlar Duvan Sapataning goli evaziga hisobni tenglashtirishdi. 53-daqiqada uchrashuv bosh hakami «Yuventus» yarimhimoyachisi Rodrigo Bentankurga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatdi va mehmonlar bir kishi kam bo‘lib qolishdi. Uch daqiqa o‘tib Sapata dublni rasmiylashtirdi.

65-daqiqada mehmonlar ustozi Massimiliano Allegri Krishtianu Ronalduni o‘yinga tashladi va portugaliyalik hujumchi 78-daqiqada «Yuventus»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan golni urdi. 

Bu natijadan keyin «Yuventus» ochkolari sonini 50taga yetkazdi va Italiya chempionati turnir jadvalidagi peshqadamligini davom ettirdi. «Atalanta» 25 ochko bilan — A Seriya turnir jadvalining yettinchi o‘rnida joylashgan.

«Milan» safarda «Frozinone» bilan o‘ynadi. Bahsda har ikkala jamoada yaxshi vaziyatlar bo‘lsa-da, darvozalar ishg‘ol etilmadi. 

Bu natijadan so‘ng, «Milan» qatorasiga 4ta o‘yindan beri g‘alaba qozonolmayapti va gol urolmayapti. Jamoa 28 ochko bilan 5-o‘rinda, «Frozinone» esa 10 ochko bilan 19-o‘rinda bormoqda.

18-tur doirasidagi boshqa uchrashuvlarda «Latsio» «Bolonya» ustidan g‘alabaga erishdi (2:0), «Fiorentina» «Parma»ga yutqazdi (0:1), «Kalyari» «Jyenoa»ni mag‘lub etdi (1:0), «Sampdoriya» esa «Kevo» ustidan g‘alaba qozondi (2:0).

Italiya chempionati
18-tur
Atalanta – Yuventus 2:2 (1:1, 1:1)
Gollar: 0:1 – 2, avtogol Gimshiti, 1:1 – 24 Sapata, 2:1 – 56 Sapata, 2:2 – 78 Ronaldu.
Atalanta – Berisha, Xatebur, Gimshiti, Masello (Barrou, 86), Kastan, Ilichich (Pessina, 77), Pashalich (Gosens, 67), Gomes, Froyler, Manchini, Sapata.
Yuventus – Shchensni, Bonuchchi, Kellini, De Shilo, Aleks Sandro, Bentankur, Djan, Xedira (Ronaldu, 65), Duglas Kosta (Pyanich, 57), Dibala, Mandjukich.
Ogohlantirishlar: Bentankur (18), Sapata (29), Manchini (32), Kellini (38), Xatebur (59), Mandjukich (62), Froyler (90).