O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin Kun.uz’ga bergan intervyusida 2021 yilgacha barcha bolalar maktaboldi ta'limi bilan qamrab olinishini ta'kidlab o‘tdi.

— Yana bir narsani alohida qayd etib ketmasam bo‘lmaydi. Ayni paytda Toshkent shahri, Farg‘ona viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida nishona loyiha sifatida 6 yoshli bolalarni haftada 5 kun 3,5 soatdan bepul o‘qitish yo‘lga qo‘yilmoqda…
— Bu maktabga tayyorlash uchun bo‘lsa kerak?
— Ha. Ko‘pchilik hozir buni unchalik tushunmayapti. Bu o‘zi nega kerak, degan fikrlar ham bo‘lyapti. Ayni paytda 1-sinfga qabul qilingan bolalarning bilim darajasi juda farqlanadi. Kimdir xususiy tayyorlov kurslariga borgan, kimdir qisqa guruhlarga… Hattoki bolalar bog‘chasiga bormagan bolakay esa o‘qishdan ortda qola boshlaydi. Chunki bolada motivatsiya yo‘qoladi, boshqa tengdoshlari darajasiga chiqishdan ko‘ngli soviydi va o‘sha past darajada qolib ketadi. Aksincha, yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lgan bola bolalar bog‘chasiga ham bormagan tengdoshlari ichiga tushib qolsa, u bor bilimini to‘g‘ri sarflay olmasdan, pasayishga ketadi.
Shu nuqtai nazardan, bir yillik, bepul maktaboldi ta'limi bolalarimizning bir xil darajada bilim olishlari imkonini beradi. Ularning barchasi 1-sinfda ta'lim olishga bir xil chog‘langan bo‘ladi.
— Ya'ni, tizim butun mamlakat bo‘ylab qo‘llaniladi?
— Albatta. 2021 yilga borib 6 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 100 foizi majburiy ta'lim bilan qamrab olinadi. Sizning ko‘zingizdagi savollardan uqib olyapmanki, bolasi kun bo‘yicha bog‘chada bo‘lishini istagan ota-onalar nima qiladi, degan savol bor. Ular qo‘shimcha to‘lov evaziga bolasining kun bo‘yi bog‘chada bo‘lishiga erishishadi.
— Yana bir muammoli masala haqida gaplashsak: Toshkent shahridagi va viloyatlardagi bog‘chalar o‘rtasida katta farq bor. Aytaylik, qishki mavsumda isitish masalasida. Elektr va gaz ta'minoti, deganlaridek. Bularning barchasi mahalliy hokimiyat organlarining gardanida, tushunamiz. Yoki vazirlik ham buni hal qilishda ishtirok etyaptimi?
— Kuz-qish mavsumiga tayyorlashda asosiy funksiyani mahalliy hokimiyat organlari o‘z zimmasiga oladi, albatta. Lekin vazirlik ham qarab o‘tirmaydi. Biz monitoring yuritamiz. Kuzatamiz, nazorat qilamiz. Chunki hukumatimiz tomonidan donorlik yordamlari muntazam ajratilib turibdi. Mavjud infratuzilma chindan ham tashvishlanarli.
















