Biz doim nimanidir o‘tkazib yuborishdan qo‘rqamiz. Karerada noto‘g‘ri qadam qo‘yishdan, ko‘pchilik orasida xato tanlov qilishdan, kasb-hunar yoki foydali kitob tanlovida adashishdan qo‘rqamiz. Tanlov katta, lekin vaqt kam. Bunday qo‘rquv FOMO (foydani qo‘ldan boy berish qo‘rquvi) deb ataladi. Forbes 2018 yil davomida biznes-adabiyotdagi yangiliklarni kuzatib bordi va yil davomida chiqqan eng sara kitoblarni tavsiya qildi.
Rey Dalio. «Tamoyillar»

Rey Dalio — 18,1 milliard dollarlik boylikka ega milliarder (Forbes ro‘yxatida 25-o‘rinda) va dunyoning eng mashhur investorlaridan biri. U o‘z xatolaridan xulosa qilib, faoliyatning noan'anaviy usullarini ishlab chiqdi: so‘nggi 40 yilda u "radikal haqqoniylik" va "radikal shaffoflik" ish usullarini qo‘llagan. Dalio kitobda o‘z tajribasi, saboqlari va, albatta, noyob tamoyillari bilan bo‘lishadi.
Tommi Xilfiger. «Orzu sari yo‘l. Buyuk modelerning tarjimai holi»

Amerikalik afsonaviy dizayner Tommi Xilfiger o‘zining ilk kiyim-kechak do‘konini 18 yoshida ochdi, 30 yoshida esa xalqaro imperiya egasiga aylandi. Biroq Xilfigerning tarjimai holi faqat biznes haqida emas — qanday qilib disleksiyadan aziyat chekuvchi bola modalar olamiga kirib kelgani, ilk ozodlik nashidasi, otasi oldidagi qo‘rquv, biznes hamkorlari va yaqin kishilarining xiyonati, o‘zligini anglash yo‘li haqida hamdir.
Nassim Nikolas Taleb. «Xavfsizlikni tahdid ostiga qo‘yib. Kundalik hayotning yashirin asimmetriyasi»

Massachusets universiteti professori Nassim Taleb — afsona-inson. U katta natijalarga olib kelgan noyob va kutilmagan hodisalarni ko‘rib chiquvchi "qora oqqush" nazariyasini yaratgan. Taleb o‘zining yangi kitobida investorlar, voizlar va harbiy aralashuv himoyachilarining ikkiyuzlamachi g‘oyalarini ochib tashlaydi. Iso Masih, Seneka va Donald Tramp bunga misol sifatida keltirilgan. Talebning fikricha, ularni birlashtiruvchi asosiy sifat - xavfni boshqalarga o‘tkazishni bilish.






















