«Jismoniy shaxsdan diplomatik o‘yinlarda piyoda sifatida foydalanilmasligi kerak. Biz unga qo‘yilgan ayblovlarni ko‘rib chiqishimiz, unga qarshi ish qandaydir asosga egami yoki yo‘qligini aniqlab olishimiz kerak», dedi Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jyeremi Hant amerikalik sobiq harbiy dengizchi Pol Uilan Moskvada qo‘lga olinishiga munosabat bildirar ekan.
«Biz barchamiz u va uning oilasi uchun qattiq tashvishdamiz», degan vazir Pol Uilanda britan fuqaroligi ham borligi ma'lum bo‘lganidan keyin Bi-bi-si uchun bergan intervyusida.
«Biz unga yordam ko‘rsatish uchun mavjud imkoniyatlarimizni ishga solamiz», deya ishonch bildirgan Hant. Uning aytishicha, Moskvaga Uilan bo‘yicha so‘rov yuborilgan, ammo hozircha javob kelmagan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Mariya Zaxarova «so‘rov ko‘rib chiqilish» jarayonida ekani haqida aytdi.
Nima bo‘lgandi?
2018 yilning 31 dekabr kuni FSB (Rossiya Federal xavfsizlik xizmati) amerikalik Pol Nikolas Uilan 28 dekabr kuni Moskvada «josuslik bilan shug‘ullanayotgan vaqtida» qo‘lga olingani haqida ma'lum qildi. Gumonlanuvchi barcha ayblarni rad etdi.
«Rosbalt» agentligi Uilan Rossiya fuqarosidan davlat siri bo‘lgan maxfiy ma'lumotlar yozilgan fleshkani qabul qilayotgan vaqtida ushlangani haqida xabar berdi. Ammo bu holat haqida rasmiy ma'lumot yo‘q.
FSB saytida Uilanga nisbatan RF JKning 276-moddasi (josuslik) bo‘yicha jinoiy ish ochilgani aytildi.
3 yanvar kuni Uilan joylashtirilgan «Lefortovo» izolyatoriga AQShning Moskvadagi elchisi Jon Hantsman ham keldi.
Pol Uilanning nechta pasporti bor?
Pol Uilan 1970 yilda Ottavada (Kanada) britaniyaliklar oilasida tug‘ilgan. 70-yillar boshida uning oilasi Qo‘shma Shtatlarga ko‘chib o‘tgan. Keyingi yillarda Uilan Michigan shtatidagi Novi shahrida istiqomat qilib kelgan.
Unda Kanada pasporti ham bo‘lishi mumkin, ammo uning akasi Devid CBC telekanalida hozir Polda Kanada pasporti borligini tasdiqlay olmasligini aytdi.
Ko‘p o‘tmasdan Kanada hukumati saytida shunday xabar berildi: «Konsullik xodimlariga Kanada fuqarosi Rossiyada qo‘lga olingani ma'lum. Uning shaxsiy hayoti daxlsizligi hisobga olinib, qo‘shimcha ma'lumotlar berilmaydi».
















