Yaxshilik, xayr-saxovat, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish. Oramizda insoniylikning ushbu oliy fazilatlarini hayotining bosh mezoni, shioriga aylantirib olganlar juda ko‘p. Ular kimdir aytsa-aytmasa, dalolat qilsa-qilmasa, bu shiorga umrining oxirigacha amal qiladi. Shu bilan birga, «kimki bir yaxshi ishga sababchi bo‘lsa, o‘shani qilgan kabidir» mazmunidagi hadisi-sharifdan ko‘pchiligimizning xabarimiz bor.
Kun.uz tahririyati xayrli ishlarda, yordamga muhtoj bemorlarga ehson qilishda sherik bo‘lish yo‘lida qator xayriya aksiyalarini tashkil etmoqda. Bir muddat avval Kun.uz saytida Farg‘ona viloyati Beshariq tumanining Robqonidan kelgan yurak porogidan aziyat chekayotgan Hamidullohning davolanishga doir xayriya aksiyasi chiqqan edi.
Video: Mover (tas-ix)
https://mover.uz/video/embed/Y8JpXe8m/
Video: Youtube
Buvisining so‘zlariga ko‘ra, Hamidulloh tug‘ma yurak porogi bilan dunyoga kelgan. Shu yilning fevral oyidan buyon ikkinchi nevarasini davolatish bilan ovora. Qolaversa, oilaning yolg‘iz o‘g‘li, Hamidullohning otasi ham YTH oqibatida og‘ir davolash kurslarini boshdan kechirgan. Jarrohlik amaliyotlarini o‘tagan.
Shu boisdan ham yurak porogidan aziyat chekayotgan Hamidullohni davolatishga oilaning qo‘li kaltalik qilmoqda. Hamidulloh zudlik bilan Hindistonda jarrohlik amaliyotini o‘tkazishi kerak. Chunki O‘zbekistonlik shifokorlar unda jarrohlik amaliyoti murakkab bo‘lgani bois bu yerda o‘tkaza olmasliklarini bildirishdi. Shifokorlar umid bor deyishmoqda. Buning uchun esa 20 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ zarur. Oilaning esa bu mablag‘ni topib berishga imkoniyati yo‘q. Ularning birdan-bir umidi saxovatpesha xalqimizdan bo‘lib turibdi.

Saxovatpesha yurtdoshlar! Shu oilaning, ko‘z yoshi to‘kib turgan onaxonning tashvishi arishida, yana bir jajji vatandoshimiz shifo topishida, murg‘ak qalbi orom olishida o‘zimizning katta-kichik hissamizni qo‘shaylik. Siz bir hamyurtingizning tashvishini ketishida yordam bersangiz, Alloh sizning tashvishingiz ketishida yordam bersin! Ehson ishiga barchamiz jam bo‘lib, bosh qo‘shaylik!









