Jahon | 16:00 / 09.01.2019
20516
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda ko‘chaga tuflaganlik uchun jarima qo‘llash boshlandi. Ilk jarimalardan biri militsionerga yozildi

Qirg‘izistonda jamoatchilik joyida tuflashni taqiqlash nazarda tutilgan Qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi kodeks kuchga kirdi.

RIA Novosti xabarida ma'lum qilinishicha, bu tartibni buzgani uchun jarimaga tortilgan ilk qoidabuzarlardan biri Chuy oblasti IIB xodimi bo‘ldi.

Ikki kun muqaddam internetda paydo bo‘lgan videoda militsiya xodimlaridan biri ko‘chaga 5 marta tuflagani, u va sheriklari ruxsat berilmagan joyda chekishayotgani tasvirlangandi. Uning shaxsi tez orada aniqlandi, u post-patrul xizmati xodimi starshina M.M. bo‘lib chiqdi.

Aniqlik kiritilishicha, u jamoat joyida tuflagani uchun 5,5 ming som miqdorida jarimaga tortilgan ikkinchi qoidabuzar bo‘ldi. Bungacha Issiqko‘l oblastida yashovchi kishi jazolangandi. U 1 yanvar kuni milliy parlament binosi joylashgan tomonga namoyishkorona tarzda tupurgan va bu holatni o‘zi videoga olib, ijtimoiy tarmoqqa tarqatgandi.

Qirg‘izistonda 2019 yil 1 yanvardan shahar obodonchilik qoidalarini buzganlik uchun katta miqdorda jarima nazarda tutilgan huquqbuzarliklar to‘g‘risida yangi kodeks amal qilishni boshladi.

Yangilangan hujjatga «Tupurish» bandi kiritilgandi. Mazkur bandga binoan quyidagi jarima miqdori nazarda tutilgan: jismoniy shaxslarga nisbatan — 5,5 ming qirg‘iz somi (78 dollar), yuridik shaxslarga nisbatan — 17 ming qirg‘iz somi (243 dollar).

Shuningdek, xazon yoqish uchun ham jarima miqdori jismoniy shaxslarga nisbatan 7,5 ming (107 dollar) va yuridik shaxslarga nisbatan 23 ming qirg‘iz somgacha (329 dollar) oshirilgan.

Mavzuga oid