Osiyo Kubogi boshlanganidan bir hafta o‘tib, pley-offning uch ishtirokchisi ma'lum bo‘ldi. Ikkinchi turning ilk kunida Iordaniya birinchi bo‘lib yo‘llanma sohibiga aylangan bo‘lsa, juma kungi bahslarda Xitoy va Janubiy Koreya terma jamoalari ham dastlabki vazifani uddaladi.
«B» guruhi
Ushbu to‘rtlikda birinchi va ikkinchi o‘rin masalasi amalda hal etib bo‘lindi. Iordaniya ilk turda Avstraliyani, keyin Suriyani mag‘lub etdi va 6 ochko bilan birinchi o‘rinni oladigan bo‘ldi. 11 yanvarda Falastinni yirik hisobda taslim etgan Avstraliyani endi uchinchi turda Suriya bilan bahsda durang ham qoniqtiradi, iordaniyaliklar hatto mag‘lubiyatga uchrasalar ham birinchi pog‘onadan pastga tushib ketishmaydi. Boisi – ochkolar teng kelganda birinchi navbatda o‘zaro o‘yinlar natijasi inobatga olinadi.
Eslatib o‘tamiz, «B» guruhida ikkinchi o‘rin egasi (katta ehtimol bilan Avstraliya) nimchorak finalda O‘zbekiston joy olgan «F» guruhining ikkinchi jamoasi bilan to‘qnash keladi. Demak, Ektor Kuper qo‘l ostidagi jamoa yo pley-offning ilk raundidayoq «kengurular»ga duch keladi yoki yaponlarni ortda qoldirib, nimchorak finalda Yaponiya – Avstraliya juftligi hosil bo‘lishiga, demakki g‘oliblikka da'vogar favoritlardan birining musobaqani tark etishiga erishadi. Albatta, variantlar sifatida O‘zbekiston va Avstraliyaning guruhdan uchinchi o‘rin bilan chiqishi ehtimoli kam bo‘lsa-da, mavjud ekanini qayd etib o‘tish joiz.
Avstraliya – Falastin 3:0
Gollar: Maklaren (18), Mabil (20), Giannu (90)

«C» guruhi
Yuqorida ta'kidlanganidek, Osiyo Kubogining 7-kuniga kelib, pley-offning uch ishtirokchisi ma'lum bo‘lib ulgurdi. Iordaniyadan tashqari, uchinchi kvartetdagi Xitoy va Janubiy Koreya terma jamoalari pley-offga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Marchello Lippi shogirdlari Filippin darvozasini javobsiz uch marta nishonga olishgan bo‘lsa, janublik koreyslar Qirg‘iziston bilan o‘yinda ilk turdagi kabi 1:0 hisobi bilan cheklanishdi.
Qayd etish kerak, Xitoy terma jamoasi 2015 yilgi Osiyo Kubogida guruh bosqichining barcha uchrashuvlarida (O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni va KXDR ustidan) g‘alabaga erishgan edi. Shuni hisobga olganda, jamoa turnir guruh raundida ketma-ket beshinchi o‘yinida g‘olib chiqdi, ammo ilk marta raqibdan ikki va undan ko‘proq to‘p farqi bilan ustun keldi. Filippin esa Osiyo Kubogi final bosqichidagi debyutini ketma-ket ikki mag‘lubiyat bilan boshlagan tarixdagi beshinchi terma jamoa bo‘ldi. Bunga qadar Falastin (2015), Bangladesh (1980), Janubiy Yaman (1976) va Kambodja (1972) ana shunday muvaffaqiyatsiz start qayd etgandi.
















