Kecha, 13 yanvar kuni Osiyo Kubogida guruh bosqichining 2-tur bahslari nihoyasiga yetdi. Unga ko‘ra, 10ta jamoa muddatidan oldin pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Xususan, «A» va «B» guruhlarida bittadan, qolgan to‘rt guruhda ikkitadan ishtirokchi keyingi bosqich masalasini ijobiy hal etdi va bugundan boshlanadigan oxirgi turni xotirjamlik bilan o‘tkazishi mumkin. Aynan keyingi to‘rtta guruhdagi 3-4 o‘rin egalari yoppasiga hali birorta ham ochko to‘play olmagani sabab 2-tur oxirida BAA ham pley-offga chiqqan jamoalar qatoriga qo‘shildi: mezbonlar hozirgi 4 ochkosi bilan kamida 3-o‘rin bilan guruhdan chiqa olishadi.
Umuman, qolgan barcha termalarda imkoniyat saqlanib qolmoqda, hali hech qaysi jamoa pley-offdan rasman umid uzganicha yo‘q.
14 yanvar sanasiga «A» guruhining ikkita o‘yini belgilangan. So‘nggi turda eng ko‘p intriga saqlanib qolgan guruh ham aynan birinchi to‘rtlikdir. Bu guruhda mezbon BAA Bahrayn bilan durang o‘ynadi, bu sensatsiyadan keyin bahraynliklar Tailanddan yengildi, vaholanki tailandliklar avvalroq Hindistondan to‘rtta gol o‘tkazgan edi...
Guruh favoriti BAA keyingi bosqichga chiqib bo‘lgan. BAA bilan yonma-yon keyingi bosqichga chiqishi kutilgan, ammo oxirgi tur oldidan 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinda qolayotgan Bahraynni bugun Hindiston bilan o‘yinda faqat g‘alaba qoniqtiradi. Shu bilan birga jamoaning taqdiri o‘z qo‘lida ekanini ta'kidlash kerak: bahraynliklar g‘alaba qozonish bilan kamida uchinchi o‘rin egasi sifatida pley-off yo‘llanmasini kafolatlashadi.

3-tur, 14 yanvar:
21:00. BAA – Tailand
21:00. Hindiston – Bahrayn
1-tur: BAA–Bahrayn 1:1, Tailand–Hindiston 1:4
2-tur: Bahrayn–Tailand 0:1, Hindiston–BAA 0:2
Eng yaxshi ko‘rsatkichga ega uchinchi o‘rin egalari ham pley-offga chiqadigan formatdagi musobaqalarga xos holat – so‘nggi tur oldidan chigallik Osiyo Kubogida ham kuzatilmoqda. Shu bois ikki va undan ortiq jamoalar ochkosi teng kelgan holatda o‘rinlar taqsimlanishi mezonlarini keltirib o‘tamiz («A» guruhida uch jamoaning ochkosi teng kelib qolishi ehtimoli yo‘q).
1. O‘zaro o‘yinlardagi ochkolar;
2. O‘zaro o‘yinlardagi to‘plar nisbati;
3. O‘zaro o‘yinlarda urilgan gollar soni;






















