Energetik-muhandis Zafar Safoyev Markaziy Osiyoda quyosh energiyasini ishlab chiqarish, ushbu yo‘nalishda ish boshlash O‘zbekiston uchun foyda berishini ta'kidlamoqda. Uning aytishicha, ishni stansiya qurish uchun kerak bo‘ladigan komponentlarni ishlab chiqarishdan boshlash zarur. Bu haqda mutaxassis Kun.uz'ga bergan intervyusida ma'lum qilgan.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
– O‘zbekistonda quyosh elektrostansiya komponentlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan.
2013 yil marhum prezident Islom Karimov qarori bilan quyosh elektrostansiyani qurish bo‘yicha qadam tashlangandi. Sohada juda orqada qolgandik. Mish-mishlar paydo bo‘ldiki, stansiya qurilishi Samarqandda bo‘lishi belgilangan. Bu ham qurilmadi.
Sohani rivojlantirish uchun korrupsiyani yo‘q qilish kerak. Sohada tartibni yo‘lga qo‘yish kerak.
– Ushbu elektrostansiyaning qurilish OAVda ham e'lon qilingandi. Uning qurilmay qolganini siz korrupsiya bilan bog‘laysizmi?
– Buning ortida yotgan masala, albatta, bizga qorong‘i. Bu sohada yuqori korrupsiya mavjudligi va [energetikaning] yuqori qarzdorligi, infrastruktura sharoiti to‘sqinlik qilgan, deb o‘ylayman.
– Quyosh elektrostansiyasini barpo etish ishini nimadan boshlash kerak?
– Turli jabhalarda ishni boshlash bilan. Avvalambor, tarmoqlar qurish kerak, bir tomondan elektrostansiyalar qurishimiz kerak. Yuqori voltli elektr uzatuvchi qurilmalarni yaxshilash kerak. Tarmoqlarda muhim masala – talab va taklif balansini tutib turadigan, yuqori va aqlli texnologiyalarni o‘rnatish lozim. Aynan quyosh energiyasi bo‘yicha gapirganda, ishlab chiqarishdan ishni boshlash zarur bo‘ladi.
U [quyosh elektrostansiya - tahr.] to‘rtta komponentdan tashkil topgan. Montaj qurilmalari, panellar, quyoshdan kelayotgan o‘zgarmas toklarni chastotali tokka aylantirib beradigan inventor qurilmalari, shuningdek, kabel kerak.















