O‘zbekiston | 08:14 / 18.01.2019
6393
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir endi har oyda investorlar bilan uchrashadi

Foto: Depositphotos

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi

Hujjat bilan Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlar, ayniqsa, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, qulay investitsiya muhitini yaratish, shuningdek, mamlakatimiz hududlarining ijtimoiy rivojlanish darajasini oshirish sohasidagi tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida ijro etilishini ta'minlash uchun shaxsan mas'ul hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi mansabdor shaxslari, vazirlik va idoralar rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari mamlakat hududlariga biriktirildi.

Belgilanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan har chorakda Davlat dasturi ijrosining borishi to‘g‘risida hisobotlar eshitiladi, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritiladi, Davlat dasturidagi tadbirlar sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta'minlash uchun zarur choralar ko‘riladi.

Har oyda O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan birgalikda investitsiya loyihalari amalga oshirilishining borishini muhokama qilish, investorlar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni tezkor va samarali hal etishni ta'minlash maqsadida investorlar bilan shaxsan uchrashuvlarni, shu jumladan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkazish amaliyoti joriy etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid