Olmaotada vertolyot sihatgoh hududiga quladi. Voqea Naurizbay tumanidagi mikrotumanda soat 16.05da yuz bergan. Bu haqda Tengrinews.kz nashri xabar berdi. 

“Alatau” sihatgohining ochiq hududiga Sky Service aviakompaniyasining Eurocopter-130 markasidagi xususiy vertolyoti quladi”, deb ma'lum qilingan favqulodda vaziyatlar qo‘mitasida.

Foto: Tengrinews

Vertolyotda 1968 yilda tug‘ilgan uchuvchi bo‘lgan. U tez yordam xodimlari kelguncha vafot etgan. Vertolyot Boralday – Katta Olmaota ko‘li yo‘nalishi bo‘yicha uchayotgan bo‘lgan.

Foto: Tengrinews

Voqea tafsilotlari aniqlashtirilmoqda. Ushbu halokat yuzasidan tergov boshlangan. 

Eurocopter-130 bir motorli yengil vertolyot bo‘lib, Fransiyaning Eurocopter kompaniyasi tomonidan 1999 yildan beri ishlab chiqariladi. Qulagan vertolyot 2017 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lgan.