“Insoniyatning yarmi boshpana izlaydi, qolgan yarmi bor turar-joyini kengaytirish ilinjida”, degan naql bor. Har bir odam shaxsiy uyi bo‘lishini istashi tabiiy. Ammo zamonamizning bu ne'mati hammaga ham nasib etavermaydi va ko‘pchilik yagona chora sifatida ijarani tanlaydi.

Boshpana masalasi, aholini hamyonbop turar-joy bilan ta'minlash muammosi butun dunyoda bor. Ayniqsa aholi muntazam ko‘payib boruvchi yirik shaharlarda ijaraga bo‘lgan talab kuchli. Numbeo portali dunyoning eng yirik 540 shahridagi ijara haqlari qiymatini tahlil qilib chiqqanida o‘rtacha ijara bahosi 800 AQSh dollarini tashkil qilishi ma'lum bo‘ldi.

Ijara narxi bo‘yicha yetakchilik AQShning San-Fransisko shahriga nasib qildi. Bu shaharda o‘z uyiga ega bo‘lmaganlar oyiga o‘rtacha 3500 dollarni to‘lab qo‘yishlariga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi o‘ringa hech kutilmaganda AQShning yana bir va ko‘pchilik bilmaydigan shahri – Gamilton joylashdi. Bu hududda ijaraning o‘rtacha bahosi 3400 dollarni tashkil qilsa, uchinchi o‘rindagi Nyu-Yorkda bu ko‘rsatkich 3050 dollar deya baholangan. Rossiya poytaxti Moskva 1050 dollar bilan o‘rtalikdan yuqorida joylashgan.

Dunyodagi eng arzon ijara bo‘yicha ma'lumotlar juda qiziqarli, ya'ni eng arzon degan tushunchaning o‘zi yo‘q. Chunki juda ko‘pchilik davlatlarda, shaharlarda turar joylar davlat yoki hududiy ma'muriyat tomonidan nafaqat ijara, balki bemalol egalik qilib yashash uchun mutlaqo bepul taklif etiladi. Aholi soni muntazam kamayib borayotgan, turli muammolar tufayli ko‘pchilik tark etayotgan bunday shaharlar Yaponiya, Islandiya va hatto AQShda (masalan Detroyt) ham bor. Ularda chetdan ko‘chib kelishni kuchaytirish uchun maxsus dasturlar yo‘lga qo‘yilgan va mehmonlarga qator imtiyozlar beriladi.

Bizda-chi?

O‘zbekistonda ham ijara masalasi ko‘pchilikni o‘ylantiradi. Garchi uning bahosi yuqoridagi reytingga kiradigan darajada bo‘lmasa-da, bizda ham yirik shaharlardagi turar-joy ijarasi uchun “yaxshigina” mablag‘ to‘lashga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa poytaxt Toshkent shahrida bu muammo ancha keskin tus olgan. Bu albatta tabiiy – poytaxtga ko‘pchilik intiladi, eng yirik o‘quv maskanlari ham shu shaharda, ishlash uchun imkoniyatlar ham yuqori. Respublika bo‘yicha qayd etiluvchi ijara shartnomalarining yarmidan ko‘prog‘i poytaxtda qayd etilishi ham bejizga emas.

Toshkentda uy-joy xaridi singari norasmiy ijara shartnomalari ham asosan AQSh dollarida amalga oshiriladi. Buning sababi milliy valutaning inflatsiyaga ta'sirchanligi, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq jarayonlarda azaldan xorij valutasida muomala qilish odat tusiga kirganligidir.