Uy-joy fondini saqlash va undan foydalanishda yo‘l qo‘yilayotgan huquqbuzarliklarni bartaraf etish choralari ko‘rib borilmoqda

2019 yil 17 yanvar kuni soat 18.40larda Toshkent shahar, Uchtepa tumani, 23 daha 20-uyning 17, 19, 21, 23, 25 xonadonlarining balkonlari to‘satdan qulab tushgani yuzasidan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi​ rasmiy axborot tarqatdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: IIBB matbuot xizmati

​Ma'lum qilinishicha, ko‘p qavatli uyda yashovchi 25 xonadon egasi, tegishli tashkilotlardan ruxsat olmasdan, ta'mirlash ishlarini olib borib, xonadonning ichkarisida o‘zgartishlar qilgan. Ya'ni, xonadonning 3-yashash xonasi bilan 4-yashash xonasi oralig‘idagi devorni olib tashlab, 4-yashash xonasiga kirish eshigini berkitib tashlagan. Shu bilan birgalikda, xonadon balkonini g‘isht bilan o‘rab olgan.

Shuningdek, mazkur uyning 23 xonadoni egasi 2019 yil yanvar oyining boshlarida o‘z xonadonida tegishli tashkilotlardan ruxsat olmasdan ta'mirlash ishlarini amalga oshirgan. Xonadon balkoni g‘isht bilan o‘ralgan bo‘lib, ta'mirlash jarayonida g‘ishtlar olib tashlangan.

«Fuqarolar o‘z xonadonlarining ichki tuzilishini tegishli davlat organlarining ruxsatisiz o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishi natijasida turar-joyda sodir bo‘ladigan cho‘kishlar, yoriqlar turar joylarning texnik holatiga jiddiy zarar yetkazib, uning foydalanishga yaroqsiz qilib qo‘yishi natijasida ko‘p xonadonli turar-joy yoki uning bir qismining qulashiga sabab bo‘lmoqda»​, –​ deydi O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i​. 

Uchtepa tumanda yuz bergan holat natijasida 4-qavatdagi 23-xonadon balkoni 5-qavatdagi 25-xonadonning g‘isht bilan o‘ralgan balkoni og‘irligini ko‘tara olmasdan 4, 3, 2 va 1 - qavatdagi balkonlarga ham zarar yetkazgan holda qulab tushgan. 

Foto: IIBB matbuot xizmati

«Balkonlar qulab tushgan paytda hech kim jabrlanmagan. Ushbu hodisa natijasida biror-bir fuqaro jabrlanganida yoki halok bo‘lganda, kim javob berar edi? Sodir bo‘lgan ushbu hodisa har birimizni sergaklantirishi lozim. Har birimiz ushbu hodisadan o‘zimizga xulosa chiqarishimiz shart», – deydi vazirlik vakili.