15-avgust kuni Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi xonadonda yong‘in sodir bo‘ldi. Odamlarni qutqarish va yong‘inni bartaraf etish vaqtida FVV maxsus qutqaruv bataloni guruh komandiri kapitan Boburmirzo Pardayev halok bo‘ldi. Bugun cafdoshlari uni xavfli vaziyatlarda ortga chekinmagan, o‘z kasbiga fidoyi qutqaruvchi sifatida eslashmoqda. Kun.uz voqea tafsilotlari bilan yaqindan tanishib, marhumning safdoshlari va hodisa guvohlari bilan suhbatlashdi.
Boburmirzo Pardayev kim edi?
Kapitan Boburmirzo Pardayev FVV maxsus qutqaruv batalonida guruh komandiri bo‘lib ishlagan. Olti yillik faoliyati davomida u nafaqat Toshkentdagi yirik yong‘in va favqulodda vaziyatlarda, balki mamlakat tashqarisidagi qutqaruv ishlarida ham qatnashgan. Hamkasblari uni xavfli vazifalardan ortga chekinmaganini, aksincha, imkoni bo‘lsa, birinchilardan bo‘lib borishga intilganini aytadi.
“Faoliyatida juda ko‘p favqulodda vaziyatlarda qatnashdi. Shu arzimas olti yil ichida Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv toshqinida ham ishladi. Undan keyin, hammaga ma’lum, 2023-yil 6-fevral kuni Turkiyada kuchli zilzila bo‘ldi. O‘sha yerga ham borib, o‘z guruhidagi yigitlari bilan ishladi. Turkiyada 102 soatdan keyin 32 yoshli yigitni tirik holda olib chiqishgan. Undan tashqari, o‘tgan yili Boysun gaz favvoralaridagi katta yong‘inda, Sergeli tumanidagi logistika markazidagi yong‘inda, Agrar universitetidagi yong‘inda, Otchopar bozoridagi katta yong‘inda ham qatnashgan. Qayerga borish kerak bo‘lsa, men borolmayman deb bahona qilmasdi. Men boraman, deb o‘zi qiziqib ketardi. Turkiyaga borayotganimizda ham yosh ekansan, deyishganda, «yo‘q, men bormasam bo‘lmaydi, men borishim kerak», deb birinchilardan bo‘lib chiqqan”, - deydi mayor Farhod Hayitboyev.
Boshliqman deb chetda turmasdi
Boburmirzoning safdoshlari uni faqat murakkab operatsiyalarda qatnashgan qutqaruvchi sifatida emas, guruhidagi xodimlar bilan bir safda ishlaydigan rahbar sifatida ham eslaydi. Ularning aytishicha, ish qanchalik og‘ir bo‘lmasin, Boburmirzo o‘zini boshqalardan ustun qo‘ymagan.
“Juda fidoyi inson edi. Rostdan akamdek yaxshi ko‘rardim. So‘z bilan ta’riflab berolmayman. Yong‘inga chiqqanmizmi yoki favqulodda vaziyat joyiga chiqqanmizmi, o‘sha yerda bolalar bilan birdek yordamlashardi. Charchagan bola bo‘lsa, uni almashtirib, o‘zi ham ishlardi. Boshliqman men deb chetda turmasdi. Kasbiga fidoyi qutqaruvchi edi. Holatni eshitganim ertalab soat oltiga o‘n daqiqa qolganda edi. Smenaga kelishim kerak edi. Bu xabarni eshitib, u joyni ko‘rib... buni so‘z bilan ta’riflab berolmayman. Biz hamkasbimizdan ayrilganimizni oson qabul qila olmayapmiz”, - deydi safdoshi Shodiyor Abdurazzoqov.
So‘nggi chaqiruv
Yong‘in vaqtida xonadonda bo‘lgan yetti kishi qutqaruvchilar tomonidan xavfsiz hududga olib chiqilgan. Xonadon egasining aytishicha, ular tashqariga chiqqach, ichkarida hech kim qolmagan deb o‘ylashgan. Biroq Boburmirzo yana bir bor xonalarni tekshirish uchun ichkariga kirgan. Xonadon egasi voqeadan keyingi holatni yozma ravishda bayon qilib, qutqaruvchining so‘nggi daqiqalarini shunday tasvirlagan:
“Bizni qutqarishga kirgan o‘sha bola biz chiqib bo‘lganimizdan keyin ham ichkarida hech kim qolmaganiga ishonch hosil qilish uchun xonalarni yana bir bor tekshirib chiqdi. Hamma shok holatida bo‘lgani uchun biz ham hech kim qolmadi, deb o‘ylagandik. Lekin u bola bunga ishonch hosil qilish uchun yana ichkariga kirdi. Guruhdoshlari ham eshiklarni ochib, unga yordam berib turishgan edi. Qaytib chiqayotganida esa tom qulab, uning ustini bosib qoldi. Ko‘pchilik uni ko‘rdi va darhol chiqarishga harakat qildi. Taxminan 10–15 daqiqa davomida uni chiqarish uchun 40–45 nafar qo‘shni yig‘ildi. Hamma imkon qadar devor va qulagan qismlarni kovladi. Oxir-oqibat uni olib chiqishdi. Tez yordam olib ketayotganida u hali tirik edi. Men u bolaning yuzini aynan ko‘rmaganman. Faqat yiqilganini ko‘rib, qutqarib olisharmikan, deb juda xavotirga tushdim. Hozir ham qattiq shokdamiz. Bu shunchaki unutilib ketadigan xabar emas. To‘g‘risi, bizga yordam berayotgan chog‘ida bunday holat yuz berganidan juda afsusdaman. Oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiraman”, - deydi uy egasi afsuslanib.
Yong‘in xonadon atrofidagi qo‘shnilarni ham ko‘chaga olib chiqqan. Ular qisqa vaqt ichida butun hudud tutunga to‘lganini, qutqaruvchilar esa yong‘inni boshqa xonadonlarga o‘tishidan saqlashga harakat qilganini aytadi.
“Yong‘in bo‘layotganini tashqaridan ko‘rdik, keyin yugurib chiqdik. Qo‘shnilar ham chiqdi. Shundan keyin qutqaruvchilar kelishdi. Hamma yoq tutun bo‘lib ketdi, bizning uyimiz, ko‘chalar ham tutun bo‘ldi. Qutqaruvchilar kelib, yong‘inni o‘chirish bilan birga qo‘shnilarning uylarini ham asrab qolishdi. Yaxshi yigit ekan. O‘z jonini berib, o‘sha yerga kirdi. Bu - jasorat”.








