Kun.uz tahririyatiga Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari tomonidan murojaat kelib tushdi. Uni o‘rganish maqsadida Toshkent shahri, Chilonzor tumani, “Qozirobot” mahallasi, Nurxon 4-tor ko‘chada joylashgan 20-b uyga tashrif buyurdik. Ushbu yotoqxonada Mehribonlik uyida tarbiyalangan fuqarolar yashab kelmoqda. Yotoqxonaga borganimizda tashqi tarafdan qayta ta'mirlangan, hamma narsa joyidaga o‘xshab ko‘rindi. Kameramizni sozlamay turib, oldin ularni eshitishni maqsad qildik. Chunki murojaatlarni o‘rganishda oldin vaziyatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, keyin murojaat haqiqatan asosli bo‘lsa kameramizni sozlaymiz.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Bizni kutib turgan fuqarolarni qiynayotgan muammolariga quloq tutdik. Shu yotoqxonada sabr bilan yashab kelayotgan Nargiza Jumayeva bizga muammolarni aytib berdi:
"Men 2016 yildan beri shu yotoqxonada yashab kelaman. Bizga uy o‘rniga shu joyni 5 yilga ijaraga berishgan. Yotoqxonaga kelganimizda hech qanaqa sharoit bo‘lmagan. Tashqi tomoni chiroyli ta'mirlangan, faqat yuzaki, qo‘l uchida qilingan. Biz suv, gaz, elektrni ishlatishni boshlaganimizda elektr, gaz, suv o‘cha boshladi. Yotoqxona tomlaridan suv tomchilab o‘tadi. Hozirgacha bu yerda umuman yashashga sharoit yo‘q. Shu vaqtgacha murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Hokimiyat, prokuraturaga yordam so‘rab murojaat qilib chiqqanmiz. Ular har doim kelib ko‘rishadi, rasmga tushirib ketishadi. Sharoit yo‘qligini sababini ko‘rib chiqishib, lekin sharoitni yaxshilab berishmaydi. Faqat og‘zaki va'da berishadi, lekin bu va'dasini ustida hech qachon turishmagan va chiqishmagan. Asosiy qismimiz oilali, yosh bolalarimiz bilan yashaymiz. Podvalimizda chayon, suvaraklar ko‘p. Bolalarimiz kasaldan boshlari chiqmayapti. Bizlarga shahar hokimi Jahongir akani shaxsan o‘zlari kelib 45 kunda uy-joy beramiz deb va'da qilgan.Chunki yashash sharoitimizni ko‘rib, o‘zlari ham qo‘rqib ketgan. Bu og‘ir ahvolda ham odam yashaydimi?,- deb hayron qolganlar. Shundan so‘ng uy beramiz deb va'da qilishgan.Bizda gaz yo‘q, bu svet bilan bir nima qila olmaymiz. Elektr lampochkaning o‘zini ham ko‘tarmaydi. Sababi nol yo‘q deyishdi. O‘shani ta'mirlaymiz deb undan battar ahvolga keltirishdi. Hozir ko‘p xonadonlar svetsiz o‘tiribdi. Ko‘p xonadonlar na lampochka yoqa oladi, na choy na plita. O‘zi 66 xonadondan iborat. Lekin odam yashayotgan xonadonlar 20-25 ta. Sababi sharoit yo‘qligi uchun bu yerda ko‘p odamlar yashamaydi".


























