O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilingan.

Qaror bilan quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi;

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining markaziy apparati tuzilmasi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 242 nafar, shu jumladan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi markaziy apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 75 nafar etib belgilandi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining raisiga:

zarur hollarda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish;

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari tuzilmasini tasdiqlash;

boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hududiy boshqarmalari boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini tasdiqlash;

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqaruv xodimlari mutaxassislarining qo‘shimcha shtat birliklarini kiritish;

malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni xodimlar va maslahatchilar sifatida jalb qilib, ularga, istisno tariqasida, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ish haqi va boshqa to‘lovlar miqdorlarini belgilash;

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xodimlari uchun, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan qat'i nazar, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan, ular egallagan asosiy lavozimi bo‘yicha mansab maoshlariga (tarif stavkalariga) ustamalar va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlar belgilash;

xalqaro amaliyotdan va bozor sharoitlaridan kelib chiqqan holda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun kontrakt asosida jalb qilinadigan malakali xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash miqdorini belgilash huquqi berildi.