Orol bo‘yi mintaqasi - Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida chiqindilarni boshqarishning yangi kompleks tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Yunusov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida shu haqida ma'lum qildi.

"Bugungi kunda respublikamizda eng ustuvor bo‘lib turgan vazifalardan biri, albatta, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orol bo‘yi hududida ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik holatni yaxshilashga yo‘naltirilgan yangi loyihalarni amalga oshirish hisoblanadi. Bu borada Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan bugunga qadar qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi davomida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida chiqindilarni boshqarishning yangi kompleks tizimini joriy qilishga yo‘naltirilgan investitsion loyihani amalga oshirish bo‘yicha birlamchi kelishuvlarga erishildi", - deydi Yunusov.

Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi Bahrom Qo‘chqorov o‘z intervyusida birgina Qoraqalpog‘istonning o‘zida 31 ta chiqindi poligoni borligi, ularning sonini qisqartirish kerakligi haqida aytgan edi.

"Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bilan kelishuv asosida ushbu loyihani boshladik. Shunday bo‘lsa-da, loyiha boshqa donor-davlatlar uchun ham ochiq", - deydi Qo‘chqorov.

Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Yunusovning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo yuqori darajali VI konferensiyasi davomida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Italiyaning Atrof-muhit, yer va dengiz resurslari vazirligi o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi doirasida qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

"2018 yilda O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij kelishuvi ratifikatsiya qilindi. Buning natijasida O‘zbekiston tomon kelgusida iqlim o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi gazlarning havoga tashlamalarini kamaytirish bo‘yicha, global isishga qarshi bir qator choralar ko‘rilishi belgilandi. Italiya tomon bilan o‘zaro muzokaralar davomida ushbu yo‘nalishda ham yangi texnologiyalarni joriy qilish va Italiyaning atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishdagi ko‘nikmalari va amaliyotini O‘zbekistonga jalb qilish masalalariga katta e'tibor qaratilmoqda. O‘tgan davrga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Markaziy Osiyoda Yevropa Ittifoqi ko‘magida bir qator loyihalar amalga oshirilgan bo‘lib, ularning asosiy yo‘nalishlari - bioxilma-xillikni muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan",