Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarga xizmat ko‘rsatishni tubdan yaxshilash to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi «Diplomatik vakolatxonalarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi», «Ko‘chmas mulk bilan ishlash direksiyasi» va «Ambassador» davlat unitar korxonalarini qo‘shish yo‘li bilan ularning negizida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi «Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosi» davlat unitar korxonasi tuzilishi va diplomatik vakolatxonalarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yagona buyurtmachi qilib belgilanishi mumkin.

Byuro ta'sischisi etib O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi belgilanadi.

Byuro O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi «Diplomatik vakolatxonalarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi», «Ko‘chmas mulk bilan ishlash direksiyasi» va «Ambassador» davlat unitar korxonalarining barcha huquq, majburiyat va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi etib tayinlanadi.

Byuroning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasida diplomatik vakolatxonalarning faoliyat olib borishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularga kompleks servis xizmatlar ko‘rsatish, diplomatik vakolatxonalarning tegishli ravishda ishlashini ta'minlashga qaratilgan masalalarni hal qilish va chora-tadbirlarni amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarda nazarda tutilgan diplomatik vakolatxonalarga xizmat ko‘rsatish va ularni joylashtirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el diplomatik vakolatxonalari va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari uchun mo‘ljallangan obekt va uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish;

diplomatik vakolatxonalar va ularning xodimlariga bino, xonalarni ijaraga berish, ko‘chmas mulkning ijara va oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishda ko‘mak berish (vositachilik qilish), shuningdek, ushbu bino va xonalarning ekspluatatsiyasini ta'minlash;

o‘z vazifalariga taalluqli masalalar bo‘yicha diplomatik vakolatxonalarning manfaatlarini O‘zbekiston Respublikasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida, korxona va muassasalarida ifoda etish, shuningdek, diplomatik vakolatxonalarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot va korxonalar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda diplomatik vakolatxonalarda ishlaydigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mehnat huquqlarini himoya qilish;