Jahon | 09:57 / 25.01.2019
9148
2 daqiqa o‘qiladi

Venesuela armiyasi Maduroni qo‘llab-quvvatlashini e'lon qildi   

Foto: Carlos Becerra / Bloomberg

Venesuela mudofaa vazirligining rasmiy bayonotida muxolifatning xatti-harakatlari jinoiy va millat erkinligi hamda suverenitetiga raxna soluvchi deb ataldi. Harbiylar mamlakat prezidenti Nikolas Maduroni qo‘llab-quvvatlashga va xorijliklarga bo‘ysunmaslikka va'da berishgan.  

“Maduro rejimiga qarshilarning harakatlari “millat erkinligi, suvereniteti va mustaqilligiga” raxna soladi, parallel hokimiyatning tashkil etilishi jamiyatda alg‘ov-dalg‘ovlik va tartibsizlikni keltirib chiqarishni maqsad qilgan”, deyilgan mudofaa vazirligi bayonotida.

Bayonot mualliflari hozirdagi kabi ssenariy tuzumga qarshilar tomonidan 2002 yilda ham qo‘llangani, muxolifatchilar ortida esa AQSh hukumati turishini ta'kidlab o‘tishgan.  

“Biz Venesuelaning qonuniy prezidenti va bosh qo‘mondonimiz sifatida 2018 yil 20 mayda erkin umumiy saylovlarda ko‘pchilik ovoz bilan saylangan Nikolas Maduroni tan olamiz”, deyilgan bayonotda.

Vazirlik mamlakat qurolli kuchlari Simon Bolivar an'analariga sodiq qolib, xalq tomonidan saylanmagan va o‘zini prezident deb e'lon qilgan davlat rahbarini hech qachon qo‘llab-quvvatlamasligini aytgan. 

“Biz xorijiy hukumatlar tomonidan amalga oshirilayotgan qonunsizlikni qabul qilmaymiz. Biz fuqarolarga tinchlikni kafolatlaymiz va o‘z maqsadlariga erishishning qabih usuli sifatida zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi guruhlar tomonidan jaholat va terrorchilik holatlariga yo‘l qo‘ymaymiz”, deb ta'kidlab o‘tilgan hujjatda. 

21 yanvarda mamlakat milliy gvardiyachilarining kichik guruhi qurol-aslahani qo‘lga kiritib, isyon ko‘tarishga uringan. Ijtimoiy tarmoqlarda milliy gvardiya kiyimida bo‘lgan kishining Maduroni hokimiyatdan chetlatishga chorlagan videosi tarqalgan. Biroq ko‘p o‘tmay isyonchilar maxsus kuchlar tomonidan qurshab olinib, jangsiz taslim etilgan.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid