07:34 / 26.01.2019
12073

«MYu» g‘alabalar seriyasini davom ettirdi. Sulsher «Arsenal»ni Angliya Kubogidan chiqarib yubordi

Foto: Manchester United/Getty Images

Angliya Kubogida 1/16 final o‘yinlari boshlandi.

25 yanvar kuni bu bosqichdagi eng kuchli juftlikning o‘zaro o‘yini o‘tkazildi, «Arsenal» «Manchester Yunayted»ni qabul qilib, 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchadi. 

21-daqiqadayoq Unai Emeri majburiy o‘zgarish qilishiga to‘g‘ri keldi: Sokratis Papastatopulos jarohat oldi va uning o‘rnin Shkodran Mustafi egalladi.

31-daqiqada «Manchester Yunayted» safida «Arsenal»ning sobiq futbolchisi Aleksis Sanches hisobni ochdi, 33-daqiqada Jyessi Lingard manchesterliklarning ustunligini oshirdi, ikki golga ham Romelu Lukaku assistentlik qildi. Birinchi bo‘lim oxirida Per-Emerik Obameyang Aleksandr Lyakazettning pasidan keyin hisobni qisqartirdi.

Ikkinchi bo‘limda londonliklar yana bir yo‘qotishga uchradi, mezbonlar sardori va asosiy markaziy himoyachisi Loran Koselni jiddiy jarohat olib, maydonni tark etdi va uning o‘rnini yarimhimoyachi Matteo Genduzi egalladi.

Ikkinchi bo‘limda mehmonlar darvozaboni Serxio Romero ishonchli harakat qilib, bir necha seyvlar amalga oshirdi va jamoasi g‘alabasini ta'minladi. O‘yin oxirida Antoni Marsiyal uchinchi golni urib, yakuniy hisobni o‘rnatdi. 

Ole Gunnar Sulsherning «Manchester Yunayted»dagi g‘alabali seriyasi davom etadi, «qizil iblislar» u boshqaruvga kelganidan buyon faqat g‘alaba qozonmoqda - 8 g‘alaba (APL o‘yinlarida 6ta, Angliya Kubogida 2ta).

«Manchester Yunayted» turnirning 1/8 finaliga yo‘l oldi, «Arsenal» Angliya Kubogi uchun kurashdan chiqib ketdi.

Turnirning 1/32 finalida mankunianliklar o‘z uyida «Reding»ni 2:0 hisobida mag‘lub etgandi, Unai Emeri jamoasi safarda «Blekpul» darvozasiga 3ta gol yo‘llagandi (3:0).

25 yanvar kuni 1/16 final doirasida yana bir uchrashuv o‘tkazildi, «Bristol Siti» «Bolton»ni 2:1 hisobida yengib, keyingi bosqichga chiqdi.

Bugun bu bosqichda «Manchester Siti» «Byornli» bilan, «Tottenhem» – «Kristal Pelas», «Chelsi» esa «Sheffild Uensdey» bilan o‘ynaydi. «Liverpul» o‘tgan bosqichda «Vulverhempton»ga yutqazib, turnirni tark etgandi.

Angliya Kubogi
1/16 final
Arsenal – Manchester Yunayted 1:3 (1:2, 0:1)
Gollar: 0:1 – 31 Sanches, 0:2 – 33 Lingard, 1:2 – 43 Obameyang, 1:3 – 82 Marsyal.
Arsenal – Chex, Koselni (Genduzi, 64), Papastatopulos (Mustafi, 21), Kolashinats, Remzi, Meytlend-Naylz, Ivobi (O‘zil, 64), Torreyra, Chaka, Lyakazett, Obameyang.
Manchester Yunayted – Romero, Bayi, Shou, Yang, Lindelef, Pogba, Matich, Lingard (Jons, 88), Errera, Sanches (Marsiyal, 72), Lukaku (Reshford, 72).
Ogohlantirishlar: Koselni (54), Yang (68), Lingard (76), Kolashinats (86), Reshford (86), Genduzi (90) 

Bristol Siti – Bolton 2:1 (2:1, 0:0)
Gollar: 0:1 – 6 Bivers, 1:1 – 8 O`Doda, 2:1 – 30 Eliasson.
Bristol Siti – Filding, Kalas, Dasilva (Kelli, 83), Rayt, Beyker (Pizano, 77), Morrell, Pek, Palmer (Braunxill, 74), Eliasson, O`Doda, Dediu.
Bolton – Mettyuz, Xobbs, Bivers, Littl, Olkovski, Lou, Konnell (Donaldson, 83), Nun, Pritchard (Ameobi, 64), Merfi (O`Nil, 76), Madjyennis.
Ogohlantirishlar: Nun (63), Pek (66), Merfi (69), Ameobi (79).

Top