Muxlislari bisyor sport turi bo‘lgan futbolda shov-shuvli voqealar juda ko‘p sodir bo‘ladi. O‘zi aslida ham to‘p o‘yini faqat maydondagi emas, balki stadiondan tashqarida yuz beradigan g‘avg‘olari bilan qiziq.

Yevropa maydonlarida milliy birinchiliklar avjiga chiqqan bo‘lsa, yurtimiz jamoalari yangi mavsumga tayyorgarlik ishlari bilan band. Klublar o‘z tarkibini shakllantirish va turli o‘quv-yig‘inlariga zo‘r berishgan.
Bir oydan beri milliy chempionatimizga qiziquvchi muxlislarni bir savol qiynab kelmoqda: ko‘p yillardan beri «Navbahor» tarkibida maydonga tushib kelayotgan, milliy terma jamoa a'zosi Aziz Turg‘unboyev yangi mavsumni qaysi klubda boshlaydi?.
Yanvar oyi boshida «Paxtakor» klubi uch nafar futbolchi bilan shartnoma imzolaganini e'lon qilgan, Akrom Komilov, Sardor Sobirxo‘jayev va Aziz Turg‘unboyevdan iborat ro‘yxat PFLga taqdim qilingan. Demak, ko‘rinib turibdiki, PFL tomonidan qabul qilingan tegishli hujjatlar va qoidalarga ko‘ra, Aziz Turg‘unboyev «Paxtakor» a'zosidir. Bu vaqtda esa Qrimda o‘quv-yig‘ini o‘tkazayotgan «Navbahor» klubining telegram kanali Aziz Turg‘unboyev mashg‘ulotlarga qo‘shilgani haqida xabar tarqatdi.
Qiziq holat. Bu tushunmovchilikka oydinlik kiritish maqsadida, PFL tashkiloti mas'ullari, «Paxtakor» va «Navbahor» klublari hamda Aziz Turg‘unboyev bilan bog‘landik.
«Paxtakor» klubi matbuot kotibi Bekzod Nazarov quyidagi ma'lumot berdi: «Ayni paytda futbolchi Aziz Turg‘unboyev mavjud hujjatlarga asosan «Paxtakor» a'zosi sanaladi. PFL qoidalarga ko‘ra, klub futbolchi bilan shartnoma imzolaganidan so‘ng, ikki tomonlama tuzilgan hujjatni bir oy muddat ichida PFLga taqdim qilib, ro‘yxatdan o‘tkazadi. Agar mana shu jarayon amalga oshirilmasa, shartnoma tan olinmaydi. «Paxtakor» klubi yanvar oyining boshida o‘yinchi bilan rasmiylashtirilgan shartnomani PFLga bergan. Yanvar oyi tugab bormoqda, «Navbahor» klubi hali bunday hujjatni PFLga taqdim qilgani yo‘q».
Aziz Turg‘unboyev hozir «Navbahor» klubi bilan birga yig‘inlarda ishtirok etyapti. Klub matbuot kotibi Ulug‘bek Umarovga yuzlandik. Afsuski, «Lochinlar» xodimi iloji boricha «Turg‘unboyev mashmashasi» to‘g‘risidagi savollardan qochishga harakat qildi. Bergan javoblari ham tumtaroq bo‘ldi. Uning javobi quyidagicha: «Men futbolchini klubimiz bilan shartnoma tuzgan yoki tuzmagan ham deyolmayman. Aziz Turg‘unboyev Namangan futboli tarbiyalanuvchisi. Barcha savollaringizga klubimiz internet sahifasida javob bor. Aziz Turg‘unboyev darvozabon O‘tkir Yusupov bilan birga BAAdan qaytib, Qrimda shug‘ullanayotgan tarkibga qo‘shilgan. Ortiqcha narsa so‘ramang. Bu borada klub rahbarlariga murojaat qilganingiz ma'qul».








