Dam olish kunlari Italiya chempionatida 21-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda e'tiborga loyiq bo‘lgan bir qancha voqealar yuz berdi.

TO‘XTATIB BO‘LMAS «YuVeNTUS»NING IRODALI G‘ALABASI

«Yuventus» safarda «Latsio» bilan bellashdi. Mezbonlar peshqadamga qarshi juda yaxshi o‘yin namoyish qilishdi. Rimliklar 1,5 taym davomida tashabbusga ega bo‘lib, raqibga hatto o‘z darvozasi tomon zarba berishga ham imkon berishmadi. 59-daqiqada Luis Alberto burchak zarbasini amalga oshirgach, Emre Jan to‘pni o‘z darvozasiga yo‘llab qo‘ydi. Shundan so‘ng, «Latsio» yana ikkita zo‘r vaziyatni qo‘ldan chiqardi. Immobile darvozabon bilan yuzma-yuz chiqib, uni aldab o‘tolmadi. Luis Alberto esa to‘pni darvozaning yuqori burchagiga joylab bilmadi.

Shundan so‘ng, Massimiliano Allegri o‘yin taqdirini hal qilgan ikkita o‘zgarishni amalga oshirib, maydonga Kanselu va Bernardeskini tushirdi. Natijada, ular dastlabki vaziyatni golga aylantirishdi. 74-daqiqada Bernardeski to‘pni jarima maydoniga yetkazganida, Dibalaning zarbasini darvozabon Strakosha qaytara oldi, ammo Kanselu to‘pga yetib kelib, uni darvozaga yo‘lladi. Hisob tenglashgach, «Latsio» bosh murabbiyi Simone Indzagi yetakchilarni zaxiraga oldi, bu esa unga qimmatga tushdi - tashabbus to‘lig‘icha «Yuventus» tomoniga o‘tdi. O‘yin yakunlanishiga 5 daqiqa qolganida Kanselu penalti ishlab oldi. Krishtianu Ronaldu uni aniq amalga oshirib, jamoasiga g‘alaba keltirdi.

Latsio – Yuventus 1:2 (0:0, 1:2)
27 yanvar, «Stadio Olimpiko»
Gollar: 1:0 – 59, avtogol Jan, 1:1 – 74 Joau Kanselu, 1:2 – 88, penalti Ronaldu.
Latsio – Strakosha, Bashtush (Netu, 90), Uolles, Radu, Leyva, Parolo, Lulich, Milinkovich-Savich, Luis Alberto (Berisha, 81), Immobile (Kaysedo, 82), Korrea.
Yuventus – Shchensni, De Shilo, Bonuchchi (Kellini, 41), Rugani, Aleks Sandro, Jan, Matyuidi (Bernardeski, 60), Bentankur, Duglas Kosta (Joau Kanselu, 70), Ronaldu, Dibala.
Ogohlantirishlar: Jan (24), Leyva (49), Matyuidi (49), De Shilo (70), Rugani (73), Milinkovich-Savich (80), Kellini (80).

«NAPOLI» MILANDA OChKOLARNI YO‘QOTDI

«Napoli» safarda «Milan» bilan o‘ynadi. Anchelotti shogirdlari bahsda biroz tashabbusga ega bo‘lishdi. Biroq, «Milan» himoyada yaxshi o‘ynadi, darvozabon Donnarumma esa ishonchli harakat qildi. Birinchi bo‘limda Kalexon va Kutrone zarbalari esda qoldi. «Napoli» yarimhimoyachisining kuchli zarbasini Donnarumma qaytargan bo‘lsa, mezbonlarning yosh hujumchisiga aniqlik yetishmadi. Ikkinchi bo‘lim «Milan» hujumlari bilan boshlandi. Kessiye jarima maydoniga yorib kirib, zarba yo‘llaganida, himoyachilar to‘p yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lishdi. Paketaning zarbasidan keyin to‘p to‘g‘ri darvozabon Ospinaga kelib tushdi. Bo‘lim o‘rtasida «Napoli» hisobni ochishi mumkin edi. Ammo Milikning kuchli va aniq zarbasini Donnarumma qiyinchilik bilan qaytara oldi. O‘yin yakunida «Milan» 2ta qulay vaziyatni boy berdi. Pyontek darvozabon bilan yuzma-yuz chiqqanida himoyachi Kulibali to‘pni uning oyog‘i tagidan tepib yuborishga ulgurdi. Musakko esa yaqin masofadan zarba yo‘llaganida, Ospina aqlbovar qilmas chaqqonlik bilan to‘pni qaytara oldi.