Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Yagona G‘azna hisobvarag‘idagi mablag‘larni boshqarish jarayonini takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Yagona g‘azna hisobvarag‘idagi vaqtincha bo‘sh mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish bo‘yicha yagona organ etib belgilanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Yagona g‘azna hisobvarag‘idagi vaqtincha bo‘sh mablag‘larni joylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

ilgari joylashtirilgan vaqtincha bo‘sh mablag‘lar depozit muddati tugaguniga qadar tijorat banklarining depozit xisobvaraqlarida saqlanadi va depozit shartnomasida belgilangan muddatlarda qaytariladi;

budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar, shu jumladan g‘azna ijrosi bilan qamrab olingan budjetdan tashqari jamg‘armalar vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligiga buyurtmalar taqdim etish yo‘li bilan joylashtiradilar.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Yagona G‘azna hisobvarag‘idagi vaqtincha bo‘sh mablag‘larni joylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Moliya vazirligi G‘aznachiligi va Markaziy bank o‘rtasida tuziladigan shartnomaga asosan Markaziy bank Moliya vazirligining YaG‘Hdagi mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish bo‘yicha fiskal agent vazifasini amalga oshiradi.

YaG‘Hdagi mablag‘larni depozitlarga jalb qilish maqsadida, tijorat banklari G‘aznachilik bilan umumiy talablarni va mablag‘larni depozitlarga joylashtirish tartibini belgilovchi Bosh shartnoma tuzadi. YaG‘Hdagi mablag‘larning hisobini yuritilishi, o‘z vaqtida qaytarilishi va foizlarning hisoblanishini nazorat qilishni tashkil etish maqsadida G‘aznachilik tomonidan “To‘lovlar markazi” dasturiy mahsulotidan foydalaniladi.

YaG‘Hdagi bo‘sh mablag‘lar tijorat banklari depozitlariga G‘aznachilikning buyurtmasi asosida Markaziy bank tomonidan joylashtiradi. G‘azna ijrosi bilan qamrab olingan Davlat maqsadli jamg‘armalari va boshqa maqsadli jamg‘armalar (DMJ va BMJ) shuningdek budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning o‘z vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga G‘aznachilikka buyurtmalar taqdim etish yo‘li bilan joylashtiradilar. Hududiy G‘aznachilik bo‘linmalari budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning vaqtincha bo‘sh mablag‘larni joylashtirish bo‘yicha buyurtmalarini ichki elektron kanallar orqali yuboradilar.