Sport | 00:33 / 31.01.2019
13837
2 daqiqa o‘qiladi

Futbol klublari 2018 yilda transferlarga rekord darajada mablag‘ sarfladi

FIFA 2018 yil uchun futbolchilar transferlari bo‘yicha ma'lumotlarni e'lon qildi.  

O‘tgan yil futbol klublarining yangi o‘yinchilarni xarid qilishga jami xarajatlari 7,03 mlrd dollarni tashkil qilgan. Bu summa 2017 yildagiga nisbatan 10 foiz ko‘proqni tashkil qiladi. 2 yil avval ushbu maqsadda 6,37 mlrd dollar sarflangan.   

O‘tgan yilning eng qimmatbaho xaridi Kilian Mbappe bo‘lgan. “Monako”dan “PSJ”ga 2017 yildayoq ijara asosida o‘tgan futbolchining klubga to‘laqonli o‘tishi uchun 180 mln yevro to‘langan. 

Xaridlar uchun to‘langan pullarning 78,2 foizi Yevropaning UYeFAga kiruvchi klublari hissasiga to‘g‘ri kelgan. 31 ta klub transferlar uchun 50 mln dollardan ko‘proq pul sarflagan. O‘tgan yil umumiy hisobda 3974 klub transfer amalga oshirgan.

Transferlar soni 2017 yildagi rekordni yangilagan va 16,5 mingtani (2017 yilda 15,6 mingta) tashkil qilgan. Transferlar bozorida eng katta musbat balansga (467,.2 mln dollar) fransuz klublari, eng katta manfiy balansga (1,05 mlrd dollar) ingliz klublari ega bo‘lgan.

Yevropa transfer darchasi 1 yanvardan boshlanadi. 

Qayd etish joizki, 2019 yil boshida bir necha shov-shuvli transferlar amalga oshirishga ulgurildi. Jumladan, Leandro Paredes “Zenit”dan “PSJ”ga 52 mln dollarga, polshalik hujumchi Kshishtof Pontek “Milan”ga 39 mln dollarga o‘tgan. Yarimhimoyachi Frenki de Yong 85 mln dollarga yozda “Barselona” o‘yinchisiga aylanadi, Dortmundning “Borussiya” klubi yarimhimoyachisi Kristian Pulishich esa 73 mln dollarga “Chelsi”ga o‘tadi.     

Mavzuga oid