AQSh prezidenti Donald Tramp prezidentlik lavozimida juda ko‘p pul yo‘qotgani haqida aytdi. Bu gap kutilganidek shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Biroq prezidentning bu gapi u davlat rahbari bo‘lgach o‘z biznesini tashlab qo‘yganidan afsuslanayotganini bildirmaydi.

«Menga 1$ maosh ham bo‘laveradi»
Tramp AQSh prezidentligiga kirishgach, undan maoshi haqida so‘rashdi va siyosatchi shunday javob berdi: «Men saylovoldi chiqishlarimda aytganimdek, prezidentlik lavozimida maosh olmayman. Qonunan menga nimadir to‘lashlari kerak va men yiliga 1 dollar kifoya qiladi deb o‘ylayman». Ha, har qancha g‘alati ko‘rinmasin, yillik yalpi ichki mahsulot hajmi 19 trillion dollardan ko‘p bo‘lgan mamlakat rahbari bir yilda 1 dollar maosh oladi.

Bu bizning pulga «chaqsak», taxminan 8 500 so‘m degani. Bu pulni 12 oyga taqsimlasak, AQSh tarixidagi eng g‘alati prezident bo‘lgan Donald Tramp 700 so‘m atrofida oylikka «tirikchilik qiladi». Chindan ham g‘alati, to‘g‘rimi? Biroq AQShda mamlakat tarixiga o‘z nomini qoldirish har qanday miqdordagi puldan afzal ekanini inobatga olsak, aslida hammasi tushunarli. Trampning ta'biri bilan aytganda, 70 yoshdan oshgan bir vaqtda unga shu vaqtgacha topganlari ham yetib-ortadi.

515ta aktiv va 3,1 milliard dollar boylik
Donald Tramp nima uchun mamlakat prezidentligida maoshdan voz kechgani tushunarli holat. Chunki bugungi kunda uning boyligi 3,1 milliard dollarga baholanadi. Bu pul bilan Tramp dunyo boylari yuzligiga kira olmasligi mumkin, lekin umrining qolgan qismini bemalol farovonlikda o‘tkaza oladi. Trampning nomiga 515ta aktiv rasmiylashtirilgani ma'lum. Qizig‘i, ulardan 264tasida bevosita Tramp so‘zini uchratasiz: «The Trump Organization», «Trump Tower», «Trump Ice», «Trump Carousel», «Trump Classic Cars» va hokazo. Uning asosiy biznesi qurilish hisoblanadi. Ya'ni, «The Trump Organization». Bu korxona asosan uy, mehmonxona, golf-klub, kazino qurish bilan shug‘ullanadi. Trampning asosiy biznesi hisoblangan «The Trump Organization»ga 1923 yilda bo‘lajak prezidentning buvisi Elizabet hamda otasi Fred asos solishgan. Ko‘rib turganingizdek, Tramp yangi boylardan emas va uning 1 dollar maoshga ishlayotganidan ajablanmasa ham bo‘ladi.

Tramp 2017 yilgacha, ya'ni AQSh prezidentligiga kirishguniga qadar barcha korxonalarining rahbari hisoblangan. Prezidentlik kursisida turib biznesni boshqarish mumkin bo‘lmagani sabab rahbarlikni farzandlari kichik Donald, Ivanka va Erikka qoldiradi. Trampning deyarli barcha korxonalari unga tegishli «Trump Tower» binosida joylashgan. «Forbes» bu binoni 318 million dollarga baholagan va u AQShdagi eng qimmat binolardan biri hisoblanadi. Tramp 2015 yil prezidentlik saylovlarida qatnashishini aynan mana shu jonajon binosida ma'lum qilgandi.