Bugungi kunda respublikada baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, baliq mahsulotlari ishlab chiqarishning zamonaviy va innovatsion uslublarini joriy etgan holda hajmlarini oshirish, sohani tartibga solish bo‘yicha bir qator qonun hujjatlari qabul qilinib, ularning ijrosini sifatli va puxta ta'minlash choralari ko‘rilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 noyabrdagi “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori buning yorqin ifodasidir.

Ammo, joylardagi mavjud vaziyat va soha tadbirkorlariga nisbatan munosabat davlat siyosatiga har doim ham muvofiq kelavermasligini ko‘rsatmoqda.

Tahririyatga yo‘llangan navbatdagi murojaat bo‘yicha Toshkent viloyati, Bekobod tumanida aynan baliqchilik bilan shug‘ullanadigan tadbirkor (fermer)ning muammolari o‘rganildi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Fermerning dard-u hasrati

«Mustaqillikdan keyin bu yerlar bizga ko‘ptarmoqli sifatida paxtachilik, g‘allachilik, yong‘oqzor va baliqchilik maqsadlarida berilgan edi. Ma'lum vaqt, bu yerlardan foydalanib keldik. 2005 yoki 2006 yili Zeromax kompaniyasidan kelishgandi. Bu yerlar kompaniyaga o‘tib ketdi, endi javobgarlik bizning zimmamizda deyishdi. Hech qanday hujjat ko‘rsatishmadi. 2011 yili kompaniya bankrot bo‘ldi. Keyin yerlar yana tarqatila boshlandi. Menga 145 gektar yer ajratilishi kerak edi. Lekin, menga «To‘xtab turing, kompaniya to‘liq tugamadi», deyishdi.

2017 yilga kelib Vazirlar Mahkamasining 54-sonli qarori chiqqanini aytishdi. Shu asosda 138-sonli bayonnoma chiqarildi. Keyin shu bayonnoma asosida hokim qarori chiqdi. Barcha hujjatlarim joyida. Hattoki, o‘sha joydan foydalanyapsiz deb soliq ham to‘lov talab qilyapti. Prokuraturaga borsam, «Faoliyat yurityapti», deb xat beryapti. Bormagan joyim qolmadi. Bekobod tumani prokuraturasiga borsam, xatni olib qoladi. Bugun ariza bersam, 4-5 oydan so‘ng javob xatlari yuborishadi. Doim ish faqat ortga suriladi. Hokimiyat devonxonasiga boraman, hech qanday javob ham yo‘q, xat ham kelmagan deyishadi. Vazirlar Mahkamasi qarori, hokimiyat qarori chiqsa ham umuman kirib foydalana olmadim. Boshqa odamlar foydalanyapti. Mening joyim desam, ular bizning joy deydi. Hamma joyga murojaat qilganman. 87ta javob xati bor. Shunaqasi ham bo‘ladimi? Ko‘riladi, ko‘rilmoqda, ko‘riladi. Bir xil javob. Men bilan hech kim joyiga chiqib o‘rganmaydi», deydi fermer.