Qo‘qon shahrida odamlarni hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, o‘zgalarning mulkini bosqinchilik va o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilgan jinoiy guruh qo‘lga olinib, ularga nisbatan sud hukmi chiqarildi. Bu haqda O‘zA yozmoqda

Madamin Olimov (ismi familiyasi o‘zgartirilgan) 2014 yilda ichki ishlar idorasidan bo‘shatilganidan so‘ng moddiy boylik orttirish maqsadida jinoiy guruh tashkil etib, unga rahbarlik qilib kelgan. Achinarlisi, u o‘z tug‘ishgan ukasi, Uchko‘prik tumanida profilaktika inspektori vazifasida ishlab kelayotgan J. Olimovni ham bunga jalb etadi. Ular A. Bakimatov, K. Ahmedovlar bilan oldindan til biriktirib, uy-joyga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, o‘zganing ancha miqdordagi mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish hamda qurol bilan hujum qilib, bosqinchilik kabi bir qator jinoyatlarni sodir etgan.

A.Bakimatov 2017 yil 20 sentabr kuni tanishi D.Lyubimov o‘ziga tegishli “Damas” avtomashinasini 6 ming 200 AQSh dollariga sotganidan xabar topib, sinfdoshi M. Olimovga buni aytadi. Madamin o‘z navbatida A.Bakimatovga ukasi bilan bog‘lanish haqida topshiriq berib, D.Lyubimovni uyga keltirmaslik choralarini ko‘rish vaqtida ushbu pullarga egalik qilishga o‘zaro kelishishgan. Shundan so‘ng A.Bakimatov J. Olimovga “ov” haqida qo‘ng‘iroq qilib, bu haqda ma'lum qilgan. J.Olimov sinfdoshi K.Ahmedov bilan birgalikda Qo‘qon shahriga borib, D.Lyubimovning uyidan pullarni olib chiqishi haqida topshiriq beradi. 

K.Ahmedov D.Lyubimovning uyiga devor orqali g‘ayriqonuniy ravishda kirib, xonadon ichidagi shkafdan 5 ming 800 AQSh dollarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, voqea joyidan yashiringan. Shundan so‘ng K.Axmedov o‘g‘irlik yo‘li orqali olib chiqilgan pullarni J. Olimovga bergan. J.Olimov esa mazkur pullarni guruh a'zolari o‘rtasida o‘zaro taqsimlab, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborganlar.

Bundan tashqari, M. Olimov Qo‘qon shahridagi akademik litseyda birga ishlovchi S.Xolmatov bilan yaqin munosabatlarga kirishib, uning Qo‘qon shahar Parpashabof ko‘chasidagi uyida pul va tilla taqinchoqlar borligidan xabar topib, uni qo‘lga kiritish bo‘yicha jinoiy reja tuzgan. Rejaga ko‘ra, Madamin 2018 yil 11 yanvar kuni soat 09:00larda S.Xolmatovni ishga olib ketish bahonasi bilan uning uyiga kelib, uyda keksa D.Mirsadiqovaning qolishiga erishib, S.Xolmatovni ishga olib ketib, bu haqda guruh a'zolariga xabar bergan.

Shundan so‘ng, J.Olimov shu kuni soat 11:00 larda K.Ahmedov va A.Bakimatov bilan birga temiryo‘l vokzali yaqinida uchrashib, ularni o‘zining boshqaruvidagi transport vositasida Qo‘qon shahar Po‘stindoz ko‘chasiga olib kelgan.