«Biz iqtisodiyotimizni yanada erkinlashtirish, tadbirkorlarga keng yo‘l ochib berish siyosatini bundan keyin ham qat'iy davom ettiramiz. Hal qiluvchi ahamiyatga ega bu sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uning oldida paydo bo‘ladigan to‘siqlarni butunlay olib tashlash masalasi davlat rahbari sifatida mening doimiy e'tiborim va nazoratimda bo‘ladi», – deya ta'kidlagan edi prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z ma'ruzalarining birida.

Amalda ham shunday bo‘lmoqda. Tadbirkorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, ularga turli imtiyozlar va qulayliklar yaratilmoqda.

Ammo tan olib aytish kerakki, hanuzgacha ayrim to‘siqlar, anglashilmovchiliklar tufayli o‘z faoliyatini boshlolmayotgan yoki biznes loyihalarini hayotga tatbiq etolmayotgan tadbirkorlar ham uchrab turibdi.

Tadbirkorlarning bu kabi muammolari jurnalistik surishtiruvlar asosida muntazam yoritib kelinmoqda.

Xuddi shu mazmundagi navbatdagi murojaat Navoiy shahridagi «Karmana baraka karvoni» mas'uliyati cheklangan jamiyati ta'sischisi Husniddin G‘aniyevdan kelib tushdi. Ushbu murojaatni joyida o‘rgandik va tadbirkorning e'tirozlarini tingladik.

Tadbirkorning aytishicha, 2017 yilda tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida yirik savdo majmuasi qurish taklifi bilan Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov qabulida bo‘lgan. Viloyat rahbari ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlab, yer ajratish masalasida Karmana tumani hokimiga topshiriq bergan. Barcha hujjatlar tayyor bo‘lgandan so‘ng ushbu yirik loyiha viloyat hokimligi tomonidan turli to‘siqlarga uchragan.

O‘rganish davomida ma'lum bo‘lishicha, tadbirkorning loyihasi avtomobil va avtoehtiyot qismlari, qurilish mollari savdo majmuasi qurishga mo‘ljallangan.

Tadbirkorning ta'kidlashicha, ushbu yirik loyiha asosida 800ta savdo do‘konidan iborat yirik majmua qurilishi, kamida 1600 kishi ish bilan ta'minlanishi va davlat budjetiga oyiga 800 million so‘m mablag‘ tushishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha haqiqatdan ham viloyat hokimi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Karmana tumani yer tanlash va ajratish komissiyasi tomonidan tuman zaxirasida bo‘sh turgan 164 va 165-konturlari ushbu savdo kompleksi qurilishi uchun maqsadga muvofiq deb topilgan.

Navoiy viloyati hokimi nomidan 2017 yil 25 oktyabrda Vazirlar Mahkamasiga 01-03/2099-sonli, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga 01-03/2594-sonli xatlar yuborilgan.