O‘zbekiston | 15:00 / 05.02.2019
37427
2 daqiqa o‘qiladi

Vafot etgan fuqarolarga to‘lovlar, o‘zlashtirish va imzolarni qalbakilashtirish. Pensiya bo‘yicha monitoring natijalari e'lon qilindi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 30 dekabrdagi PF-4161-son farmoniga muvofiq, Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi zimmasiga pensiya va ijtimoiy nafaqalarning o‘z vaqtida hamda to‘liq yetkazib berilishi yuzasidan doimiy monitoringini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.

Mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan 2018 yil davomida Pensiya jamg‘armasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan monitoring ishlari natijasida jami 4221 ta holatda 2 776,5 mln so‘m AT “Xalq bank” xodimlari belgilangan tartibga zid ravishda to‘lovlarni amalga oshirganligi aniqlangan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi.

Jumladan:

293 ta holatda 69,6 mln so‘m bank xodimlari tomonidan o‘zlashtirilgan;

97 ta holatda 40,8 mln. so‘m to‘lov ro‘yxatlariga imzolarni qalbakilashtirilgan;

293 ta holatda 177,9 mln. so‘m vafot etgan fuqarolarga to‘langan;

572 ta holatda 384,1 mln. so‘m ishonchnomasiz o‘zga fuqarolarga to‘langan;

651 nafar yotoqdagi fuqarolarning 398,6 mln so‘m pensiya va nafaqa pullari uyiga olib borib berilmagan;

75 ta holatda 100,5 mln. so‘m respublikadan tashqariga, 388 ta holatda 740,3 mln. so‘m hududdan tashqariga ko‘chib ketgan fuqarolarga to‘langan;

241 ta holatda 290,3 mln. so‘m muddati tugagan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarga asosan to‘langan;

8 ta holatda 9,1 mln. so‘m jazoni ijro etish muassasalarida bo‘lgan fuqarolar uchun to‘langan;

745 ta holatda 2,7 mln. so‘m pensiya puliga turli xil buyumlar qo‘shib berilgan;

858 ta holatda 562,6 mln. so‘m boshqa amaldagi tartib buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

Monitoring ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid