O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.
Qaror bilan quyidagilar:
a) Jahon banki va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”;
b) 2022 yilga kelib respublikaning 20-o‘ringa erishishini nazarda tutuvchi Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasi reytingini yaxshilashning “Biznes yuritishni yaxshilash – 2022” maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
2019 yil 1 martdan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
a) tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasida – banklar Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning (FATF) talablaridan kelib chiqib, ariza beruvchilarni masofadan turib identifikatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlar mavjud bo‘lganda ta'sischilari O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari hisoblangan yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida bank hisobraqamlarini masofadan turib ochishi mumkin;
b) qurilish uchun ruxsatnomalar olish sohasida:
yer uchastkasida qurilishi taqiqlangan yoki ruxsat etilgan obektlar turlarining to‘liq ro‘yxatini majburiy tarzda ko‘rsatib, “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasiga auksion orqali qo‘yilganda, yer uchastkalaridan maqsadli foydalanish tartibi bekor qilinadi;
qurilish organlariga arxitektura-shaharsozlik kengashlarining loyiha-smeta hujjatlarini kelishish funksiyalari ushbu kengashlarda faqat tarixiy hududlar, shu jumladan, madaniy meros yodgorliklarini qo‘riqlash hududlari, shuningdek, davlat obektlarining loyiha-smeta hujjatlarini kelishish funksiyalarini saqlab qolgan holda o‘tkaziladi;















