Adashmadingiz. Aslida «sug‘ur kuni» 2 fevralda AQShda istiqomat qiladigan mashhur sug‘ur — Filning ob-havo bashoratlarini tinglash bilan keng nishonlanuvchi ko‘ngilochar bayram. O‘zbekistonliklar ham «sug‘ur kuni» deganda syujyetda har kuni bitta voqea takrorlanuvchi qiziqarli komediya-filmni eslaydi. 

Bugun, 5 fevral kuni ham Toshkentda bo‘layotgan voqealar menga «sug‘ur kuni»ni eslatib yubordi. Gap shundaki, bundan avval «Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi» DUK hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar tushunarsiz, bir vaqtning o‘zida ancha qiyin vaziyatda qolgani haqida maqola e'lon qilindi. 

Maqolada 2019 yil yanvar oyidan boshlab ko‘rsatilayotgan direksiya xizmatlari uchun to‘lov 500 foizga, ya'ni har bir metr kvadrat uchun 7800 so‘mga oshirilgani bayon qilingandi.

«Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi» DUK bosh iqtisodchisi vaziyatga oydinlik kiritib, «direksiya 2018 yilda taxminan 1,1 mlrd. so‘mga teng soliqlarni to‘lagan bo‘lsa, 2019 yilda xarajatlar 19 mlrd. so‘mni tashkil etishi»ni aytgan va shuning 67 foizi soliq yuki hisoblanadi. Xullas, maqolada barcha vaziyatga lo‘nda va aniq tushuncha berilgan. 

Ammo 5 fevral kuni kichik sanoat zonasidagi tadbirkorlar bilan uchrashib, masalaga yechim qidirgan tuman hokimi Baxtiyor Shomuratov boshchiligidagi DSI tuman bo‘lim boshlig‘i birinchi o‘rinbosari, tuman prokuraturasi vakili va boshqa mutasaddilarning aytganlari aynan «sug‘ur kuni»ni eslatadi. Barchaga ochiq-oydin, muammoning asl sabablari yig‘ilishi muhokamasida yana qayta eslandi.

Shundan so‘ng, o‘tgan haftada o‘tkazilgan yig‘ilishda ta'kidlanganidek, yer solig‘i, mulk solig‘i, suv solig‘i, QQS to‘lovchisiga aylangan DUKning xarajatlarini qoplash kerakligi tushuntirildi. Yig‘ilishda jamoatchilik a'zolari kuzatuvida hisob-kitob qayta qilinishi yana taklif etildi. Masalani «yuqori»ga olib chiqish, murojaat qilish zarurligi yana aytildi.