Kun.uz tahririyatiga Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi «Dul-dul» mahallasi aholisi tomonidan bir qator muammolar bayon etilgan murojaat kelib tushdi.
«Mahallamiz tumanning chekka hududida joylashgan. Gaz va ichimlik suvi yo‘q. Elektr energiyasida muntazam uzilishlar kuzatiladi. Yo‘llar ta'mirtalab, maktab abgor holatda. Birorta maktabgacha ta'lim muassasi yo‘q. Yo‘nalishli transport vositalari mavjud emas. Shu tufayli mahalla aholisi aziyat chekmoqda», – deyiladi murojaatda.
Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Navbahor tumaniga yo‘l oldik.

«Dul-dul» mahallasi tumanning chekka hududida joylashgan bo‘lib, Qiziltepa tumani bilan chegaradosh. 1500dan ziyod aholisi bor bu mahallada haqiqatan ham bir qator muammolar yig‘ilib qolgan. Mahalla aholisi bizga bayon etgan muammolarni birma-bir o‘rgandik.

Ushbu mahallaga ichimlik suvi yetib bormagan. Maxsus texnikalar yordamida olib kelingan ichimlik suvini belgilangan narxda xarid qilib iste'mol qiladi.
Bir necha yil avval mahalla gaz tarmog‘idan uzilgan. Aholiga ayni vaqtda suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilmoqda.
«Mahallamiz gaz tarmog‘idan uzilgandan keyin gaz quvurlari ham talon-toroj bo‘lmoqda. Bu holat bilan birorta mutasaddining ishi yo‘q. Axir mahallamizga gaz o‘tkazilganda, bu gaz quvurlar aholi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan. Mayli, gaz tarmog‘idan uzilgani bilan suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilmoqda. Ammo nega gaz quvurlari talon-toroj qilinishi kerak?! Mahallamiz butkul muammolar girdobida qolgan, ko‘chalar abgor, maktab ta'mirtalab, farzandlarimiz bog‘cha nimaligini bilmay katta bo‘lishmoqda. Transport masalasi ham qiyin. Taksilar mahallamiz nomini aytsangiz kelishni istamaydi. Kelsa ham ikki barobar narx aytadi. Mahallamizda bu muammolar ancha yildan buyon hal etilmay kelmoqda», – deydi mahalla faoli Ahtam Otamurodov.
O‘rganishimiz davomida mahalla faoli e'tirozlari yuzasidan holatlarni ko‘zdan kechirdik. Mahalla gaz tarmog‘idan uzilgandan keyin 1,5-2 kilometr uzunlikdagi gaz quvuri «uddaburonlar» tomonidan kesib ketilgan.

Qishloq yo‘llari juda ham abgor holatda. Yog‘ingarchilik vaqti loy, yozda esa tuproqqa aylanadigan ko‘chalar mahalla aholisiga qator noqulayliklar tug‘diradi.






















