Saytimizda “Xalqaro olimpiadalar g‘olibi bo‘lgan buxorolik o‘quvchi oilaviy qiyinchilik tufayli o‘qishini davom ettira olmayapti” sarlavhasi ostida Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida istiqomat qilayotgan 9-sinf o‘quvchisi, matematika bo‘yicha xalqaro olimpiadalarning ko‘p karra g‘olibi Doniyor Ismoilov o‘ta g‘arib sharoitda yashayotgani haqida hikoya qilgan edik. Onasi Lobar Rahimova jigar sirroziga mubtalo bo‘lgani, otasi esa yollanma ishchi bo‘lib ishlayotgani, shunday iqtidor egasi bugun oilaviy qiyinchilik tufayli vaqtini to‘liq ilm olishga sarflay olmayotgani haqida hikoya qilgan edik.


Ushbu xabardan so‘ng Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev ushbu iqtidorli o‘quvchini shaxsan qabul qilib, keyinchalik o‘zining Feysbukdagi sahifasida 2018 yilning 31 dekabriga qadar oilaga viloyat hokimligi tomonidan uy-joy qurib berilishi, viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan noutbuk, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi tomonidan shaxsiy kutubxona yaratib berilishi belgilanganini e'lon qilgan edi.

Kun.uz muxbirlari Qorako‘l tumaniga borib, Doniyor Ismoilov va uning onasi Lobar Rahimova bilan uchrashdi.
Viloyat hokimining topshirig‘i bilan eski uylari o‘rnida yangidan barpo etilayotgan, barcha sharoitlarga ega uy to‘liq bitgan. Qurilish brigadasi ishchilari ishlashmoqda. Ayni paytda ichki pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda.

















